23:14 / 18.09.2017
11816

Ozarboyjon "Asr shartnomasi"ni 25 yilga uzaytirdi

Foto: Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi

Ozarboyjon va Xalqaro neft kompaniyalari konsorsiumi Kaspiy dengizi sektoridagi uch neft koni - "Ozari", "Chiroq" va "Gyuneshli"ni birgalikda rivojlantirish to‘g‘risidagi bitimni 2050 yilgacha uzaytirdi. 

Loyiha operatori - Britaniyaning BP korporatsiyasi. Mahsulotni taqsimlashga doir yangi kelishuvda Ozarboyjon Respublikasi Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) o‘z ulushini 11 foizdan 25 foizga oshirdi. 

Yaqin 32 yilda sarmoyalar hajmi 40 milliard dollardan oshishi kerak. Bunda Ozarboyjon Davlat neft fondi 3,6 milliard dollar miqdoridagi bonusga ega bo‘ladi. 

Bitim muddatining uzaytirilishi mamlakatda juda ijobiy qabul qilindi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev BP kompaniyasining bosh direktori - Robert Dadlini Do‘stlik ordeni bilan mukofotladi. 

Yangi bitim 1994 yilda imzolangan shartnoma kabi, Ozarboyjon parlamentida ratifikatsiyadan o‘tishi kerak bo‘ladi. Birinchi bitim "Asr shartnomasi" deb nomlangan bo‘lib, uning amal qilish muddati 2024 yilgacha edi. 

Kelishuvda sakkiz mamlakatdan 13 kompaniya ishtirok etgan. Kelishuv tarkibiga kirgan Rossiyaning yagona kompaniyasi - Lukoyl - 2000 yilda o‘z xohishiga binoan undan chiqqan. 

Foto: Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi

Ta'kidlash joizki, 1994 yilgi shartnoma Ozarboyjon iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib, Haydar Aliyev boshqaruvining eng asosiy yutuqlaridan biri bo‘ldi, zero bitim imzolangandan keyin mamlakatga 33 milliard dollar miqdoridagi investitsiya kirib keldi. Bunga qo‘shimcha ravishda yana 125 milliard dollar loyiha realizatsiyasidan tushgan daromad shaklida olindi. 

Yangi bitimni imzolash marosimida Ilhom Aliyev hozir Kaspiy tubida hali qazib olinmagan yana 500 million tonna neft borligini ma'lum qildi. 

Imzolash marosimida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, uning turmush o‘rtog‘i Mehribon Aliyeva, davlat rasmiylari, shuningdek deputatlar, elchilar hamda xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etishdi. 

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Meyning tabrik xati Britaniyaning Yevropa va Amerika masalalari bo‘yicha vaziri Alan Dunkan tomonidan o‘qib eshittirildi. Xatda yangi bitim Buyuk Britaniyaning Ozarboyjon bilan energetik sohadagi hamkorligining navbatdagi bosqichi hisoblanishi ta'kidlanadi. 

Mavzuga oid
Top