O‘zbekiston | 18:51 / 19.09.2017
18680
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda “Yosh fermerlar Kengashi” tashkil etildi

Foto: O‘zA

O‘zbekistonda yosh fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yosh fermerlar Kengashi” tashkil etildi.

Tashkilot Adliya vazirligidan faoliyati uchun tegishli guvohnomani olganligi haqida kengashning mas'ul vakili Ilyos Safarov xabar berdi.

Bugungi kunda mamlakatda 5 847 nafar yosh fermerlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular 200 753 gektar yer maydoniga ega. 1 158 nafar yosh fermerlar ko‘p tarmoqli maqomiga egadir.

Afsuski, bu ko‘rsatkich respublikadagi jami fermer xo‘jaliklarining atigi uch foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Yangi tashkilot o‘z oldiga fermerlik faoliyatini keng targ‘ib qilish va rivojlantirish, yoshlar ayniqsa, uyushmagan yoshlarni fermerlik harakatiga keng jalb etish, yosh fermerlarni ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirishda ko‘maklashish, shuningdek, yosh fermerlar faoliyatida duch kelinayotgan muammolar va masalalarni birgalikda hal etish, xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganib yosh fermerlar faoliyatiga joriy qilishda amaliy yordamlar ko‘rsatishni maqsad qilgan.

Shuningdek, yosh fermerlarni xorijiy ilg‘or tajribalar bilan tanishtirish va ilg‘or tajribalarni yosh fermerlar faoliyatiga joriy qilish bo‘yicha xalqaro ko‘rgazmalarda yosh fermerlarning ishtirokini ta'minlash ham ushbu Kengashning alohida e'tiborida bo‘ladi.

Kengash raisi Soatmurod Qulmirzayevning ta'kidlashicha, 2018 yil hosili uchun boshoqli donni sifatli ekish va hosil olish, to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini ekish va uni parvarishlab, yuqori hosil olishda yosh fermerlar faollik ko‘rsatadi. 

Mavzuga oid