Jamiyat | 15:30 / 20.09.2017
36945
2 daqiqa o‘qiladi

Kam ta'minlangan oilalarga mahalladan nafaqa yoki moddiy yordam qay tartibda beriladi?

Foto: KUN.UZ

SAVOL: Mening xolam 38 yoshda, qaramog‘ida yolg‘iz o‘g‘illari bor. Hech qayerda ishlamaydi. Pul keltiradigan manbai — yolg‘izgina dehqonchilik va chorvachilik. Xolam hozirgi vaqtda qanday imtiyozga, ya'ni qanday yordam olish huquqiga ega? Javobingiz uchun oldindan rahmat.

Uchqunjon Erdanov

JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga asosan bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa – 12 oyga tayinlanadi, biroq bola ikki yoshga to‘lgan oydan keyingi oyga o‘tmasligi kerakligi belgilangan.

Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a'zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi.

Nizomda 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar); nogiron bolasi (bolalari) bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olishda ustunlik huquqiga egaligi  ko‘rsatilgan.

Agar fuqaroning yashash sharoiti va daromadi  yuqoridagi talablarga javob bergan taqdirda hududlardagi mahalla fuqarolari yig‘ini orqali nafaqa yoki moddiy yordamdan birini olish huquqiga ega bo‘ladi.

Savollarga huquqshunos Mirzohid Shoqalamov javob berdi.

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid