Jamiyat | 22:30 / 20.09.2017
25109
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar akulalar haqiqatda qancha uzoq umr ko‘rishlarini hisoblab chiqishdi

Foto: Fotolia / alexandro900

Akulalarning umr ko‘rish uzoqligi yetarlicha baholanmagani aniqlandi. Misol uchun, oq akulalar 50 yil emas, 70 yilgacha yashashlari mumkin ekan. Bu haqda okeanshunos Alister Garri Nature jurnalidagi maqolasida yozgan.

"Bizning joriy kuzatuvlarimizning ko‘rsatishicha, bizning hamkasblar e'tibor qaratgan yoki biz o‘rgangan akulalar turlari emas, balki barcha turdagi akulalar yoshlari pasaytirilgan. Endi bu muammoni rad etib bo‘lmaydi va barcha akulalar yoshini boshqatdan o‘lchab chiqish kerak", deb aytgan Taunsvilldagi (Avstraliya) Jyeyms Kuk universiteti olimi Alister Garri.

Akulalar eng uzoq umr ko‘ruvchi baliqlardan va umurtqalilardan biri hisoblanadi. Misol uchun, Grenlandiya akulalari Somniosus microcephalus o‘rtacha 200-300 yil umr ko‘radilar, ularning ba'zilari esa 500 yilgacha ham yashashi mumkin. Bu ularni sayyoramizdagi eng uzoq umr ko‘ruvchi jonzotlar qiladi. Boshqa ko‘plab akulalar esa o‘lchamlari va moddalar almashinuvi tezligiga ko‘ra, o‘rtacha 20 yoki 40 yil yashashi mumkin.

Olimlar tanalari qarigan sari ko‘rinishi deyarli o‘zgarmaydigan akulalar va boshqa dengiz baliqlari yoshini qanday o‘lchaydilar? Ular buning uchun baliqlarni tutib, ularning umurtqlarini kesib, ular ichidagi yillarga mos qatlamlarni sanab chiqishadi. Bunday o‘lchashlar ularning yoshini yetarlicha aniq bilishga imkon beradi.

Biroq Garrining aytishicha, bu usul oxirgi yillarda shubha uyg‘ota boshlagan. Misol uchun, oddiy qum akulalari ortidan olib borilgan kuzatuvlar ularning haqiqiy yoshi umurtqlari ko‘rsatayotgan "yil halqalari" sonidan bir necha yil kattaroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Bu Garrini oxirgi 50 yil ichida olib borilgan akulalar yoshlari o‘lchashlarini tahlil qilib, ulardagi xatolarni aniqlab, ularni to‘g‘rilashga undadi. Buning uchun olim akulalar suyaklarida yadroviy sinovlar izlari, olimlar akula tanasiga kiritgan yorug‘lanuvchi belgilar va akulalarni erkinlikka qo‘yib yuborishdan oldingi suyaklariga tayanib akulalarning o‘sish tezligini hisoblab chiqdi.
 
Bu ma'lumotlarni qiyoslab, olim barcha akulalarning yoshi tizimli ravishda yetarlicha baholanmagani va aslida ularning yoshi avval taxmin qilingandan 20-30 yoshga kattaligini aniqlagan. Misol uchun, yo‘lbars akulalar 20 yil emas, balki taxminan 40 yil, seld akulalari esa 38 yil emas, 65 yil yashashlari ma'lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, akulalarning uzoq umr ko‘rishi ular olimlar avval hisoblagandan sekinroq o‘sishlari foydasiga gapirishi mumkin. Bu esa akulalarni ushlashga kvotalarni belgilashda juda muhimdir. 

Mavzuga oid