Sog‘lom hayot | 20:11 / 14.10.2025
2400
5 daqiqa o‘qiladi

Global umr ko‘rish davomiyligi pandemiyagacha bo‘lgan darajaga qaytdi, ammo o‘smirlar va yoshlar orasidagi o‘lim holatlari ortgan – IHME

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yetmish yilda inson umrining o‘rtacha davomiyligi 20 yilga uzaygan. 2023 yilda ayollar uchun o‘rtacha umr qo‘rish 76,3 yilni, erkaklar uchun esa 71,5 yilni tashkil etgan. Biroq dunyoning ayrim malakatlarida o‘smirlar va yoshlar orasida o‘limlar soni ortgan. Bunga asosan ruhiy salomatlikdagi inqiroz, giyohvandlik va spirtli ichimliklar iste’moli sabab sifatida keltirilgan.

Foto: WHO

Vashington universiteti Tibbiyot maktabi huzuridagi sog‘liqni o‘lchash va baholash instituti (IHME) tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, 1950 yilga nisbatan insonlar hozirda o‘rtacha 20 yil ko‘proq yashamoqda. Izlanishlar doirasida o‘rganilgan 204 ta mamlakat va hududning barchasida o‘lim ko‘rsatkichlari kamaygan. Biroq o‘smirlar va yoshlar orasida o‘lim darajasi ortgan.

2023 yilda ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 76,3 yilni, erkaklarniki esa 71,5 yilni tashkil qilgan. Ya’ni pandemiya davridagi qisqarishdan so‘ng, umr davomiyligi yana avvalgi — Covid’dan oldingi darajaga qaytgan.

Covid-19 2021 yilda o‘limning yetakchi sababi bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib u 20-o‘ringa tushgan. Yurak kasalliklari va insult esa yana dunyo bo‘yicha o‘limning asosiy sabablari sifatida birinchi o‘rinni egallagan.

Tadqiqotda aytilishicha, hozir dunyoda odamlar asosan yuqumli kasalliklardan emas, boshqa turdagi xastaliklardan vafot etmoqda. Ya’ni ilgari ko‘p uchragan qizamiq, ich surish yoki sil kabi kasalliklardan o‘limlar keskin kamaygan.

Bugungi kunda yuqmaydigan (surunkali) kasalliklar dunyo bo‘yicha barcha o‘limlarning uchdan ikki qismini tashkil etadi. Yurak kasalliklari va insultdan o‘limlar 1990 yildan beri ozaygan bo‘lsa-da, diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi va Alsgeymer kasalliklari bo‘yicha o‘limlar ortgan.

IHME direktori, professor Kristofer Myurrey aytishicha, dunyo aholisi tez qarib bormoqda va sog‘liq uchun xavfli omillar ham o‘zgaryapti. Bu esa global sog‘liqni saqlash tizimi uchun yangi bosqichni boshlab berdi. Unga ko‘ra, tadqiqot natijalari hukumatlar va sog‘liqni saqlash rahbarlariga ogohlantirish bo‘lishi kerak — ular o‘zgarib borayotgan sog‘liq muammolariga tez va aniq choralar ko‘rishlari zarur.

Dunyo bo‘ylab uchrayotgan kasalliklarning deyarli yarmi aslida oldi olinishi mumkin bo‘lgan xastaliklar hisoblanadi. Negaki ularning ko‘pi insonning o‘zi o‘zgartira oladigan omillar, masalan, noto‘g‘ri ovqatlanish, harakatsizlik yoki spirtli ichimlik iste’moli bilan bog‘liq.

Eng katta ta’sirga ega bo‘lgan 10 ta xavf omili orasida: yuqori qon bosimi, chekish, xolesterin miqdorining oshishi, diabet va semirish bor. 2010 yildan 2023 yilgacha odamlarning semirish darajasi 11 foizga, qon shakarining ko‘pligi esa 6 foizga oshgan. Ya’ni bu omillar sog‘liq muammolarining asosiy sababi bo‘lib qolmoqda.

Atrof-muhit omillari, jumladan, havodagi zarrachalar bilan ifloslanish va qo‘rg‘oshin ta’siri ham eng muhim xavf omillari qatorida. Shuningdek, chaqaloqlarda past tana vazni va muddatidan oldin tug‘ilish kabi omillar salomatlikka sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ruhiy salomatlik masalasi ham global o‘lim darajasiga kuchli ta’sir qilmoqda: xavotir va tushkunlik (depressiya) bilan bog‘liq kasalliklar keskin ko‘paygan.

Eng noxush ko‘rsatkich: jahon aholisi o‘sib borayotgan va qariyotgan bir paytda, dunyoning ba’zi qismlarida bolalar va yoshlar o‘rtasidagi o‘lim darajasi oshmoqda. So‘nggi o‘n yil ichida 20–39 yosh oralig‘idagi yoshlar orasida o‘limlar soni eng ko‘p Shimoliy Amerikaning boy mamlakatlarida ortgan. Buning asosiy sabablari suitsid (o‘z joniga qasd), giyohvandlikdan o‘lim va spirtli ichimlikni haddan ortiq iste’mol qilishdan iborat.

5–19 yosh oralig‘idagi bolalar va o‘smirlar orasidagi o‘limlar esa Sharqiy Yevropa, Shimoliy Amerika va Karib havzasi davlatlarida, shuningdek, Sahroyi Kabir janubidagi Afrikada ko‘paygan. Bu hududlarda o‘lim, asosan, yuqumli kasalliklar va tasodifiy jarohatlar bilan bog‘liq.

5–14 yoshdagi bolalar salomatligidagi eng asosiy xavf omili temir yetishmovchiligi bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda esa notoza suv, sanitariya va gigiyena sharoitlari hamda to‘yib ovqatlanmaslik turadi. 15–49 yosh oralig‘idagi odamlar uchun eng katta xavf omillari — himoyasiz jinsiy aloqa, ish joyidagi jarohatlar, semizlik, yuqori qon bosimi va chekish hisoblanadi.

IHME umumiy hisob-kitoblariga ko‘ra, umr davomiyligi eng yuqori darajada rivojlangan mamlakatlarda 83 yilni, qoloq davlatlarda 62 yilni tashkil etmoqda.

Mavzuga oid