Jahon | 11:12 / 21.09.2017
9048
2 daqiqa o‘qiladi

Pekin va Shanxay o‘rtasida 350 km/s tezlikda harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdi qatnay boshladi

© Yang Baosen/Xinhua via AP

Xitoyning Pekin va Shanxay shaharlari o‘rtasida «Fusin» rusumli yangi poyezd harakati yo‘lga qo‘yildi, bu yo‘lovchi poyezdi soatiga 350 km masofani bosib o‘ta olishi mumkin. Bu haqda Shanxaydagi «Sinmin vanbao» gazetasi xabar yozgan.

Shu tariqa, «Fusin» poyezdi dunyodagi eng tezyurar yo‘lovchi poyezd bo‘ldi. Iyul oyida poyezdning sinov yurishi o‘tkazilgandi, unda poyezd o‘z tezligini 400 km/s ko‘rsatkichiga yetkaza olish imkoniyati sinalgandi.

21 sentabr kunidan «Fusin» poyezdi Pekin - Shanxay yo‘nalishida 7 martadan qatnovni amalga oshiradi. Bu poyezd masofani 4 soatu 28 daqiqada bosib o‘tadi. Bungacha Xitoyning eng tezkor yo‘lovchi poyezdi CRH380 bu yo‘nalishda 300 km/s tezlik bilan harakat qilgan, yo‘lni bosib o‘tish uchun 6 soat vaqt sarflagan.

Xitoyda 350 km/s tezlikka ega poyezd ilk bor 2008 yilda, Pekin - Tyantszin yo‘nalishida qatnashni boshlagan, ammo 2011 yilda hukumat bu poyezd tezligini 250-300 km/s sifatida belgilab qo‘ygandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid