Jahon | 22:44 / 21.09.2017
8357
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko-Tramp uchrashuvi: AQSh Ukrainaning Donbassda tinchlikparvar kuchlar joylashtirish taklifini qo‘llaydi

Foto: Unian

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko bugun AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi va har ikki davlat rahbarlari xususan, Donbassda BMT tinchlikparvar kuchlari joylashtirilishi masalasini muhokama qilishdi.

Ukraina prezidentining bayonotiga ko‘ra, AQSh Donbassning vaqtincha bosib olingan barcha hududlarida BMTning tinchlikparvar missiyasini joriy etish borasidagi Ukraina taklifini qo‘llab-quvvatlaydi. UNIAN muxbirining xabar berishicha, Poroshenko bu haqda Nyu-Yorkda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv yakunlariga bag‘ishlab jurnalistlar oldida chiqish qilganida aytib o‘tgan.

«Muhim bir pozitsiya yuzaga keldi, men tomonimdan 2015 yildayoq Ukraina sharqidagi bosib olingan hududlarda BMT Xavfsizlik kengashi mandati bilan tinchlikparvar kuchlar joylashtirishi kerakligi borasida ilgari surgan taklifimni AQSh to‘liq qo‘llab-quvvatladi», — dedi u.

«Men ta'kidlayman va bayonot beraman: Ukraina sharqidagi butun bosib olingan hududlarga, jumladan, nazorat qilinmayotgan Rossiya-Ukraina chegarasini qo‘riqlashga ham mandat berilishi, buning oqibatida Rossiya qo‘shinlari, qurol-yarog‘lari va harbiy anjomlarining kirib kelish ehtimoliga to‘siq qo‘yilishi borasidagi Ukraina pozitsiyasi chindan ham tinchlik o‘rnatilishiga xizmat qiladi», — dedi Poroshenko.

«Bizning bosh maqsadimiz — bosqinchilikdan xalos bo‘lish, (Donbassning bosib olingan hududi ustidan) Ukraina suverenitetini tiklash va Ukraina zaminiga tinchlikni tezroq keltirishdan iborat», — degan Ukraina rahbari.

Mavzuga oid