Jahon | 15:30 / 22.09.2017
10894
3 daqiqa o‘qiladi

24 sentabr kuni Germaniya yangi federal kanslerni aniqlab oladi

Foto: RIA «Novosti»

24 sentabr yakshanba kuni Germaniyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu saylovlar natijasida yangi federal kansler nomi ma'lum bo‘ladi. Ovoz berish uchastkalari mahalliy vaqt bilan 8:00 da ochiladi va 18:00 da yopiladi. Shu vaqtga kelib, dastlabki exit poll natijalari ma'lum bo‘ladi. Ayni shu raqamlar saylovning deyarli rasmiy natijasini aks ettiradi.

Exit poll ishlari bilan esa quyidagi tadqiqot markazlari: Forsa (RTL telekanali), Emnid (Bild tabloidi), Infratest dimap (ARD telekanali), "Saylovlar" tadqiqot guruhi (ZDF telekanali) olib boradi.

Saylov natijalari Germaniya federal saylov qo‘mitasi internet saytida jonli ravishda olib boriladi. Ovoz berishningilk yakuni 25 sentabr kuni ertalab ma'lum bo‘ladi. Saylovdan so‘ng, 30 kundan kechikmasdan yangi parlamentning ilk majlisi tashkil etiladi. U 4 yil davomida faoliyat yuritadi. 

Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, Germaniya hududi 299 ta saylov okrugiga taqsimlanadi. 16 ta federal yerlardagi saylov okruglari soni o‘sha yerda istiqomat qiluvchi aholi soniga bog‘liq ravishda o‘zgaradi. Eng ko‘p saylov okrugi Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yerligida bo‘lib, 64 tani tashkil etadi. Ushbu 299 ta okrugda 73 ming 500 ga yaqin saylov uchastkasi joylashtiriladi. 

Umumiy hisobda mamlakatdagi 42 ta siyosiy partiya 19-chaqiriq Germaniya Bundestagidagi deputatlik o‘rinlari uchun kurash olib bormoqda. Ammo, g‘alaba qozonish borasida 6 ta partiya asosiy da'vogar hisoblanadi. 

Ekspertlarning fikricha, kansler Angela Merkelning NDI/NSI bloki ustun kelish ehtimoli yuqori. Tahlilchilar Martin Shults yetakchiligidagi Germaniya Sotsial demokratik partiyasi ikkinchi o‘rinni egallashini taxmin qilishmoqda. Ozod demokratik partiya, "Yashillar" va "so‘llar"ning ham yangi parlamentdan o‘rin olish ehtimoli yuqori. Shuningdek, 19-chaqiriq parlamentda o‘ng oqimdagi "Germaniya uchun muqobillik" partiyasi ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishi mumkin. 

Saylovlarda 61,5 millionga yaqin saylovchi ishtirok eta oladi. Ularning 31,7 millioni ayollar, 29,8 millioni erkaklardir. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid