Jahon | 15:44 / 25.09.2017
6913
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh armiyasida generallarga ruhiy yordam dasturlari joriy qilinmoqda

Foto: AP

AQSh armiyasining quruqlikdagi qo‘shinlarida shoshilinch ravishda generallarga favqulodda yordam berish dasturi joriy qilinmoqda. Bunga ofitserlarning o‘zini tutish kodeksini buzish hollari, o‘ziga bo‘yinsungan xizmatlarga noloyiq munosabatda bo‘lish, turli moliyaviy o‘zlashtirishlar, xiyonat qilish kabilar qayd etilayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. 

Intizomiy jazolar yoki bugungi kunda jami 330 atrofida bo‘lgan ishdan bo‘shashlarning qanchasi generallarning majburiy iste'fosi ekaniga oydinlik kiritmagan. Ularning ayrimlari boshqa ishga o‘tkaziladi yoki iste'foga chiqish to‘g‘risidagi arizalarini majburan yozishadi.

Shunga qaramay, 2012 yili 9 nafar armiya generali matbuotda fosh etilgan turli qilmishlari va nohuquqiy xatti-harakatlari uchun "lavozimidaan ozod etilgan" va iste'foga chiqarilgan. Ularning ikki nafari bilan bog‘liq holat so‘nggi 9 oyda kuzatilgan.

Albatta, ruhiy yordam dasturi joriy qilinishiga so‘nggi vaqtlarda generallar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ham ko‘payib borayotgani sabab bo‘lmoqda. Xususan, o‘tgan yil avgust oyida general-mayor Jon Rossi Alabama shtatidagi Redstoun-Arsenal harbiy bazasida o‘zini o‘ldirdi. Bu uning general-leytenant unvoni bilan AQSh armiyasi Kosmik va raketa qo‘mondoni lavozimiga tayinlanishiga ikki kun qolganida ro‘y berdi. 

Xizmat surishtiruvi 55 yoshli harbiy boshliqning o‘zini o‘ldirishiga jiddiy sababni topa olmadi. Biror jinoyat, oilaviy xiyonat, giyohvand moddalar yoki alkogolli mahsulotlarni haddan ortiq iste'mol qilish kuzatilmagan. U ehtimol, xizmat tushkunligi va mas'uliyatga dosh bera olmagan. Rossi Alabamaga safarbar etilgunicha, Pentagon markaziy apparatida ishlagan, bundan avval Janubiy Koreya, Germaniya va Iroqda ishlagan. 

Harbiy faxriylar bo‘yicha vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, har kuni taxminan 20 ga yaqin sobiq amerikalik harbiy xizmatchi o‘z joniga qasd qilib, hayotdan o‘z yumadi. 

"Tan olish kerak, bizda oliy ofitserlik tarkibi uchun ularning ulkan ruhiy bosimga dosh berishida ko‘maaklashadigan dasturimiz yo‘q", - deydi Armiya shtab boshlig‘i Mark Milli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suiqasd, jinsiy jinoyatlar va oilaviy mojarolar muammosini hal qilishga urinayotgan Pentagon ruhiy yordam berishning turli dasturlarini ishga tushirmoqda. Biroq ular birinchi navbatda oddiy askarlar va serjantlar tarkibiga qaratilgan. Xususan, bo‘linmalardagi shtatli ruhiy terapevtlar soni  oshirildi. 

Bugungi kunda mavjud talablarga muvofiq har bir 700 askarga bir ruhshunos to‘g‘ri kelishi kerak. Harbiy shifokorlar Iroq va Afg‘onistondagi harbiy qismlarda doimiy ravishda tadqiqotlar olib bormoqda. Ular o‘z hisobotlarida qayd etishlaricha, jangovar vaziyatda o‘tkazilgan kunlar va suiqasdlar soni o‘rtasida bog‘liqlik bor. Ammo asosiy omillar sifatida shaxsiy mazmundagi muammolar, - ishonchning poymol qilinishi, nikoh buzilishi, moliyaviy qiyinchiliklar hamda ruhiy bosimlar ko‘rsatiladi. 

Loyihalardan biri generallarning rafiqalari bilan ishlashni ham nazarda tutadi. Chunki aynan ular turmush o‘rtoqlaridagi o‘zgarishlarni seza boshlashadi. "Aksariyat generallar o‘zlarini boshqara olishadi, - deydi Mark Milli. – Biz ularning ayrimlari nuqsonlarga yo‘l qo‘yishganida sabr qilganmiz. Chunki ular o‘z ishlarining ustasi ekanini yaxshi bilardik. Ammo endilikda bu yetarli emas. Axir ular o‘z harakatlari bilan nafaqat o‘zlariga balki Armiyaga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda".

Mavzuga oid