Dunyoning eng qimmat brendlari yuztaligi chop etildi
Apple va Google brendlari 5 yildan beri dunyoning eng qimmat brendlari maqomini o‘zlarida saqlab kelmoqdalar. Bundan Interbrand Corp.’ning 2017 yilgi dunyoning eng qimmat brendlari yuztaligi haqidagi hisoboti darak bermoqda.
Interbrand ma'lumotlariga ko‘ra, yuztalik yetakchisi Apple brendi narxi 2016 yilga nisbatan 3 foizga oshib, 184,15 mlrd dollargacha yetgan. 2-o‘rindagi Google brendi bir yil ichida 6 foizga qimmatlashib, 141,7 mlrd dollargacha yetgan. 3-o‘rinni Microsoft brendi egallamoqda, u bir yil ichida 10 foizga qimmatlab, narxi 80 mlrd dollargacha yetgan.
Ro‘yxatning yetakchi o‘ntaligiga yuqori texnologiyalar sektorida faoliyat yurituvchi 7 ta brend kirgan: Apple, Google va Microsoft’dan tashqari, undan Amazon (5-o‘rin, 64,8 mlrd dollar), Samsung (6-o‘rin, 56,2 mlrd dollar), Facebook (8-o‘rin, 48,2 mlrd dollar) va IBM (10-o‘rin, 46,8 mlrd dollar) o‘rin olgan. Ushbu sektordagi brendlarning umumiy qiymati 675 mlrd dollar bo‘lib, qolgan tarmoqlardagi brendlarni ancha ortda qoldirgan.
2013 yilgacha 13 yil davomida yetakchilikni saqlab kelgan Coca-Cola brendi 4-o‘rinni egallagan, uning qiymati 5 foizga arzonlashib, 69,3 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Yetakchi o‘ntalikdan ikkita avtomobil brendi o‘rin olgan: Toyota (7-o‘rin, 50,3 mlrd dollar) va Mercedes (9-o‘rin, 47,8 mlrd dollar). Avtomobilsozlik brendlarining umumiy qiymati 266,8 mlrd dollarga teng bo‘lib, tarmoq 2-o‘rinni egallamoqda.
2017 yilda 100 ta yetakchi kompaniyadan 31 tasi texnologik va avtomobilsozlik sohalariga tegishli bo‘lgan. 2016 yilda bu ko‘rsatkich 29 tani tashkil qilgan.
Dunyodagi eng yirik ijtimoiy tarmoq Facebook brendi qiymatining eng tez o‘sishini namoyon qildi (48 foiz, 48 mlrd dollar) va bu unga ro‘yxatda 15-o‘rindan 8-o‘ringa ko‘tarilishga imkon berdi. Eng tez rivojlanayotgan brendlar qatoridan Amazon (+29%), Adobe (+19%), Adidas (+17%), Goldman Sachs va Starbucks (16%) o‘rin olgan. 100 ta kompaniyadan 16 tasi 10 foizdan ko‘proq o‘sish sur'atini namoyish qilgan.
Ushbu yil reytingga 3 ta yangi brend kirgan: Netflix (78-o‘rin), Salesforce.com (84) va Ferrari (88).
100 ta yetakchi brendning umumiy qiymati 2016 yilga nisbatan 4,2 foizga oshgan va 1 trln 871,7 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Yuztalikdan o‘rin olgan brendlardan eng ko‘pi AQShga tegishli bo‘lib, bu qiymat 51 tani tashkil qildi. Ro‘yxatdan, shuningdek, Germaniyaning 9 ta, Fransiyaning 8 ta va Xitoyning 2 ta brendi o‘rin oldi.
Interbrand ro‘yxatni tuzishda kompaniyalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari, brendlarning iste'molchilarning xarid borasidagi qarorlariga ta'siri va kompaniyaning daromadni ta'minlay olishini hisobga oladi. Ushbu ro‘yxat 18 yildan beri chop etib kelinmoqda.