O‘zbekiston | 23:53 / 25.09.2017
15953
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Rossiya qishloq xo‘jaligi vazirini qabul qildi

Foto:president.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 sentabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning topshirig‘iga binoan mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachevni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, yuqori va oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining izchil rivojlanishi va yanada mustahkamlanishiga, turli sohalar, jumladan, qishloq xo‘jaligida o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasida mavjud bo‘lgan "yashil yo‘lak" doirasida Rossiya bozoriga yetkazib berilayotgan ho‘l va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarining turi va hajmi kengayib bormoqda. Rossiya tashkilot va kompaniyalari har yili O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida faol ishtirok etib kelmoqda. Shu oyning boshida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yarmarka yakunida umumiy qiymati 500 million dollardan ortiq bo‘lgan eksport shartnomalari imzolandi. 

Agrosanoat majmuida qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. Intensiv bog‘dorchilik, issiqxonalar xo‘jaligi, chorvachilikni rivojlantirish, seleksiya va urug‘chilik sohalari shular jumlasidandir. Mamlakatlarimiz ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 

Uchrashuvda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish hajmini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish va zamonaviy savdo-logistika infratuzilmasini shakllantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. 

Agrar sohada kooperatsiyani kuchaytirish va qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, urug‘lik va veterinariya preparatlari tayyorlash muhimligi qayd etildi. Malakali mutaxassislar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi. 

Rossiya qishloq xo‘jaligi vaziri davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumat raisi Dmitriy Medvedevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Aleksandr Tkachev Rossiya davlatlarimiz o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.

Mavzuga oid