Shavkat Mirziyoyev Tatariston prezidentini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 sentabr kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixonovni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar hamda joriy yil aprel oyidagi Rossiyaga davlat tashrifi doirasida imzolangan ikki mamlakat hududlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga muvofiq, Tatariston va Rossiya Federatsiyasining boshqa sub'yektlari bilan aloqalar faollashib borayotganini alohida ta'kidladi.
Mavjud ulkan sanoat salohiyati, an'anaviy yaqin hamkorlik va ko‘p asrlik madaniy-tarixiy aloqalar ko‘p qirrali o‘zaro sheriklikni tubdan kengaytirish uchun ishonchli poydevor yaratayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni aniq mazmun bilan boyitishga doir masalalar batafsil ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, neft-gaz, neft-kimyo, kimyo, avtomobilsozlik, mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi tarmoqlari, axborot texnologiyalari sohasi va boshqa yo‘nalishlarda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlardan samarali foydalanishga alohida e'tibor qaratildi.
Ta'lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniy-gumanitar almashuv va sayyohlik sohalaridagi aloqalarni faollashtirish va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Tatariston Prezidenti Rustam Minnixonov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi bilan keng ko‘lamli hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini ta'kidladi.
Mavzuga oid
10:50 / 24.10.2024
Tatariston O‘zbekistonda qo‘shma iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatini kengaytiradi
07:30 / 24.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Tataristonning "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlandi
17:06 / 29.09.2024
Tataristonda og‘ir avtohalokatga uchragan O‘zbekiston fuqarosi va uning onasi vatanga qaytarildi
10:15 / 03.09.2024