O‘zbekiston | 09:35 / 26.09.2017
8709
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya agrosanoat majmui sohasida hamkorlikni faollashtirmoqda

Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachev 23-25 sentabr kunlari amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

25 sentabr kuni Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vaziri O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoir Mirzayev hamda tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya delegatsiyalari agrosanoat majmuida (ASM) ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

2017 yilning 7 oyi mobaynida meva va sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishni kengaytirish hisobiga O‘zbekistondan Rossiyaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi 27 foizga oshib, 75 million dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonga 131 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qildi.

Hozir O‘zbekiston va Rossiya qo‘shma loyihalar ustida ishlashmoqda. Xususan, mamlakatlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ikki tomonlama yetkazib berish uchun «yashil yo‘lak» va fitosanitariya nazoratini takomillashtirish bo‘yicha tadbirlarni tashkil etishmoqda.

Uchrashuv davomida Aleksandr Tkachev O‘zbekiston Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun istiqbolli eksport sherigi ekanini ta'kidladi. U Rossiyadan O‘zbekistonga shakar yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish taklifi bilan chiqdi.

O‘zbek tomoni Rossiya shakarini sotib olishga qiziqish bildirdi.

Rossiya tomoni O‘zbekiston bozoriga yog‘-moy mahsulotlarini, xususan, kungaboqar va soya yog‘i, urug‘lik kartoshkalari, don, baliq va baliq mahsulotlari, go‘sht (mol go‘shti) va qandolat mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

O‘zbekiston va Rossiya delegatsiyalari don mahsulotlari, dukkakli ekinlar hamda yog‘li o‘simliklar seleksiyasini birgalikda amalga oshirish, o‘simliklarni uzoq muddatli kompleks rivojlantirish borasida hamkorlikni kengaytirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashdi.

Rossiya tomoni O‘zbekistonda urug‘lik kartoshkalarini yetishtirish uchun Rossiya-O‘zbekiston-Qirg‘iziston qo‘shma korxonasini tashkil etishni taklif qildi.

Tomonlar har ikki mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasida rivojlanish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorligini kengaytirishga tayyorligini ta'kidladilar.

Ular qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro aloqalarning barcha yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

24 sentabr kuni Rossiya delegatsiyasi bir qator o‘zbek korxonalariga tashrif buyurdi. Xususan, Rossiya delegatsiyasi meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va sharbatlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi «Agromir» korxonasi, «Maroqand» bog‘dorchilik xo‘jaligi, urug‘chilik markazi, shuningdek, paxta yetishtirish bo‘yicha korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Mavzuga oid