Iqtisodiyot | 08:48 / 26.09.2017
7165
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tatariston savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish niyatida

25 sentabr kuni poytaxtdagi Xalqaro hamkorlik markazida O‘zbekiston va Tatariston ishbilarmon doiralarining qo‘shma biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. 

Forumda O‘zbekiston va Tataristonning tashqi savdo, sarmoya, yoqilg‘i-energetika, avtomobilsozlik, qurilish, kimyo, yengil sanoat, tibbiyot, farmatsevtika, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, axborot texnologiyalari va sayyohlik sohalari uchun mas'ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov, Tatariston Respublikasi Prezidenti R.Minnixonov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar barcha sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta'kidladi. 

Forumda Tataristonning 50 ga yaqin kompaniyasi vakillari O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya jalb etishning ustuvor yo‘nalishlari, mamlakatning neft-gaz, sayyohlik, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalardagi salohiyati, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, yaratilgan sarmoyaviy muhit va imkoniyatlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlar samaralari bilan tanishdi. 

Tadbirda neft-gaz, mashinasozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi sohalarida, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalarda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Tatariston kompaniyalari o‘rtasida amaliy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, yangi qo‘shma dastur va loyihalarni bajarish yuzasidan fikr almashildi. 

Biznes-forum yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Tatariston Respublikasi Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, turizmni rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya, tibbiyot va farmatsevtika sohalarida hamkorlik qilishga oid hujjatlar imzolandi. 

Mavzuga oid