Jamiyat | 13:12 / 27.09.2017
14458
3 daqiqa o‘qiladi

MXX giyohvand modda savdosi bilan shug‘ullangan UJG faoliyatiga chek qo‘ydi

Milliy xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari maxsus amaliyot o‘tkazdilar, uning davomida opium savdosi bo‘yicha tarmoq faoliyati fosh etildi va to‘xtatildi.

Tezkor tadbirlar natijasida Tayloq tumanida yashovchi Ilhom Amonov Samarqand viloyati hududida giyohvand moddalarni noqonuniy tarqatish uchun jinoiy guruh tashkil etganligi to‘g‘risida ma'lumot olindi. Guruhga Samarqand shahri va Tayloq tumanida yashovchi 6 nafar shaxs, shu jumladan ilgari O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo‘yicha sudlangan va amnistiya qilingan, «Tayloq bozori» MChJ raisi - Teshaqul Qo‘chqorov va «Tayloq Ilhom AIA» XK direktori Ilhom Azimov kirgan.

Uyushgan jinoiy guruhning barcha a'zolari o‘rtasida aniq vazifalar taqsimlangan. Jahongir Sharipov «kurer va ta'minotchi» roliga ega bo‘lgan. U boshqa, a'zolari hozirda sudlangan jinoiy guruhlardan «opium» xarid qilgan va uni o‘zining «Spark» rusumli mashinasida olib o‘tgan. Jinoiy guruhning shunday jinoyatlar uchun avval amnistiya qilingan boshqa a'zolari – Abrorqul Rahmatov, Ikromjon Turdialiyev, Baxtiyor Vahobov giyohvand moddani Tayloq tumani, shuningdek, Samarqand shahri va unga yondosh tumanlarda kichik miqdorda sotish bilan shug‘ullanishgan.

«Tayloq bozori» MChJ raisi Teshaqul Qo‘chqorov giyohvand moddalarni nazoratdagi bozor hududida kichik partiyalarda sotishni tashkil etgan, «Tayloq Ilhom AIA» XK direktori Ilhom Azimov esa mijozlar qidirgan.

MXX tezkor xodimlari ishlab chiqilgan va o‘tkazilgan maxsus amaliyot doirasida jinoiy guruhning barcha a'zolarini qo‘lga olishdi. Jahongir Sharipovning ushlanishi viloyatdagi YPX postlaridan birida, opiumning navbatdagi partiyasi olib o‘tilayotgan paytda ro‘y berdi. Teshaqul Qo‘chqorov va Ilhom Azimovlar ish joylarida qo‘lga olindi va h.k. Jinoyatchilardan giyohvand moddalar, elektron tarozilar va boshqa ashyoviy dalillardan tashqari, giyohvand moddalarni olib o‘tishda ishlatilgan uchta yengil avtomobil ham musodara qilindi.

Sudda ayblanuvchilar o‘z ayblarini to‘la tan olishdi va pushaymon bo‘lishdi. Tayloq tumani jinoiy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan I.Amonov 12 yilga, A.Rahmatov, I.Turdialiyev, T.Qo‘chqorov 11 yilga, J.Sharipov va B.Vahobov 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. I.Azimovga esa Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilandi.

Mavzuga oid