22:10 / 28.09.2017
4016

Google Yevrokomissiya bosimi ostida qoidalarini o‘zgartirdi

FOTO: EPA

Alphabet'ga qarashli Google kompaniyasi Yevropa komissiyasi (YeK)ning aksilmonopoliya mojarosi bilan bog‘liq talablarni bajarish maqsadida o‘z qidiruv tizimi va onlayn-xaridlar servisi faoliyatiga o‘zgarishlar kiritgani haqida ma'lum qildi.

Kompaniya onlayn-sotuvlar sohasidagi raqiblariga qidiruvning yuqori satrlarida ularning reklama xabarlarini ko‘rsatish huquqini sotib olish va ularni qayta sotish imkonini bermoqchi. YeKning asosiy e'tirozi - Google'ning ustuvor o‘rinlarni shaxsiy Google Shopping servisiga berayotganidan iborat bo‘lgan, deb yozadi Dow Jones.

Endi bu servis alohida kompaniyaga ajratilib, reklama o‘rinlari xaridi uchun boshqa kompaniyalar qatorida kimoshdi savdolarida ishtirok etadi. 

Endi Google har to‘rt oyda bu masala bo‘yicha Yevrokomissiya oldida hisobot beradi. 

YeK aksilmonopoliya qonunchiligini buzganlik uchun Google'ga 2,4 milliard yevro miqdorida jarima soldi. Hozirda sud kompaniyaning bu qarorga doir appelyatsiyasini ko‘rib chiqmoqda. Kompaniya ko‘rsatmalarga rioya qilinmaganlik uchun jarimalarni chetlab o‘tish maqsadida ko‘rsatilgan o‘zgarishlarni amalga oshirdi. 

Bu vaqtda esa Google'ning raqiblari qabul qilingan choralarni yetarli emas, deb hisoblamoqda. Kalkoo kompaniyasi CEO'si Richard Steyblz (Google'dan arz qilganlar orasida uning kompaniyasi ham bo‘lgan) ustuvor o‘rinlarni xarid qilish shu darajada qimmat bo‘ladiki, ularni sotib olishdan naf yo‘q, deb hisoblamoqda. 

Payshanba kuni Nasdaq birjasidagi dastlabki savdolar davomida Alphabet aksiyalarining narxi 0,1 foizga oshdi. Kompaniyaning kapitallashuvi yil boshidan buyon 18 foizga o‘sib, 644,5 milliard dollarni tashkil qilmoqda. 

Mavzuga oid
Top