19:00 / 29.09.2017
15851

Abdulaziz Komilov: Xorijdagi o‘zbeklarni qaytarishda majburlashlar bo‘lmaydi

Xorijdagi o‘zbekistonlik kadrlarni O‘zbekistonga qaytarishda hech qanday majburlashlar bo‘lmaydi. Bu haqida Xalqaro Press-klubning 29 sentabr kunidagi anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ta'kidlab o‘tdi.

"Biz mana shuncha kadr O‘zbekistonga qaytib kelishi shart, degan talabni hech qachon qo‘ymaganmiz. Agarda kimdir o‘z xohishi bilan chet eldan yaxshi tajribaga ega bo‘lib, vataniga qaytish niyatida bo‘lsa, biz  ularni qabul qilishga doim tayyormiz. O‘zbekiston ravnaqi uchun xizmat qilish istagida bo‘lgan kadrlarga barcha shart-sharoitlar yaratib beramiz. Bundan tashqari, hamyurtlarimiz chet el mamlakatlarida  muvaffaqiyatlarga erishib, yaxshi xizmat qiladigan bo‘lsa, albatta, bu ham xorijiy davlatlar o‘rtasida qandaydir ko‘prik vazifasini o‘taydi. Fuqarolarimiz xohlasa xorijda qolishsin, xohlasa vatanga qaytishsin, bu masalada hech qanday zo‘ravonliklar bo‘lmaydi", dedi Abdulaziz Komilov. 

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarida istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvda mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan barcha chet eldagi yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga taklif etib, ularni qo‘llab-quvvatlashga va har tomonlama rag‘batlantirishga tayyor ekanligini qayd etgan edi. 

Top