Jamiyat | 20:19 / 29.09.2017
88660
2 daqiqa o‘qiladi

Jasurbek Ibrohimov ishi bo‘yicha sudlanuvchining ko‘rsatmalari tinglandi

2017 yil 29 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudida Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji 2-kurs talabasi Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Ikkinchi sud eshituvlarida sudlanuvchi To‘laganov Islomning ko‘rsatmalari tinglandi. U Jasurbek bilan bog‘liq janjal sabablari va 2017 yil 3 may kuni ikkovining urishishi qanday holatda, sharoitda bo‘lganini, kimlar bevosita tomoshabin bo‘lgani xususida guvohliklar berdi. 

Shundan so‘ng, mazkur sud eshituviga raislik qiluvchi Matchonov sudlanuvchiga murojaat qilib, ayrim jihatlarga oydinlik kirituvchi savollar berdi. So‘ngra, davlat ayblovchisi Akromov, sudlanuvchi advokati Tohirov, jabrlanuvchi advokati Ismoilova, jabrlanuvchi Alimovalar sudlanuvchiga savollar berish imkoniga ega bo‘lishdi. 

 

Shundan so‘ng, sudya Matchonov tomonlar bilan kelishgan holda navbatdagi sud majlisini 2017 yil 2 oktabrga belgiladi. 

Eslatib o‘tamiz, Jasurbek Ibrohimov o‘limi yuzasidan dastlabki ochiq sud majlisi 26 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan edi. Unda jabrlanuvchi Nilufar Alimova ko‘rsatmalari tinglangandi. 

Sudlanuvchi To‘laganov Islombek O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) alomatlarini sodir etganlikda ayblanmoqda.

Mavzuga oid