O‘zbekiston | 11:16 / 30.09.2017
16127
3 daqiqa o‘qiladi

Viloyatlarda chorvachilikni rivojlantirish uchun 150 mln. dollar jalb etiladi

Foto: KUN.UZ

Prezidentning 16.09.2017 yildagi PQ–3283-son qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish tartibi belgilandi. Bu haqda Norma.uz xabar qilmoqda.
 
Ma'lumot uchun: loyihani amalga oshirish uchun Xalqaro tiklanish va taraqqiyot  bankining 30 mln AQSh dollari miqdoridagi zayomi hamda Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining 120 mln AQSh dollari miqdoridagi krediti 25 yillik qoplash muddati, jumladan 5 yil imtiyozli davr bilan ajratildi.
 
O‘zbekistonning loyihaga hissasi 77,82 mln AQSh dollari ekvivalentiga teng bo‘lib, ularning:

•  39,74 mln AQSh dollari ekvivalentida – soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni qoplash  va boshqa sarflarni moliyalashtirish tarzida;
•  38,08 mln AQSh dollari ekvivalentida – loyiha ishtirokchilarining hissasi (benefitsiarlar).
 
Loyihani amalga oshirish davri – 2017 yildan 2022 yilga qadar.
 
Loyiha Qoraqalpog‘iston va O‘zbekistonning barcha viloyatlarini qamrab oladi. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi uning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi uchun javobgar organ hisoblanadi. Idoraga, shuningdek, loyihani muvofiqlashtirish, monitoring qilish va uni amalga oshirish davrida hisobotlarni yuritish vazifasi yuklandi.
 
Loyihada ishtirok etayotgan mamlakat banklariga kredit liniyasini boshqarish, zayom va kreditlarni o‘z vaqtida o‘zlashtirish va maqsadli foydalanish hamda subloyihalarning amalga oshirilishining monitoringi va hisoboti topshirildi.
 
Loyiha doirasida:

•  zayom va kredit vositalari hisobiga sotib olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport – bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari), QQS, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar va yig‘imlardan;
•  norezident-jismoniy shaxslarning daromadari – JShDSdan ozod etiladi.
 
Ko‘rsatilgan imtiyozlar fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan loyiha doirasida qayta moliyalashtiriladigan mablag‘lar hisobiga xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga ham tatbiq etiladi.
 
Hujjat 25.09.2017 yilda kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid