Putinning karerasi qanday boshlangan?
Rossiya prezidenti bo‘lishdan ancha avval Vladimir Putin 16 yil SSSR davlat xavfsizlik qo‘mitasida faoliyat yuritgan. Business Insider uning xizmat davridan asosiy faktlarni keltirib o‘tdi.
Sovuq urush allaqachon tugab bo‘lgan, biroq Rossiya razvedkasi haqidagi yangiliklar hanuz Amerika OAVning birinchi sahifalaridan joy olib keladi.
Rossiya Demokratik partiya qo‘mitasining elektron pochtasini buzib kirishda va amaldagi prezident Donald Trampning saylovlarda g‘olib bo‘lishiga yo‘naltirilgan boshqa aksiyalarda ayblanadi. OAV shuningdek Rossiyani ijtimoiy tarmoqlardagi qator siyosiy guruhlar va reklama kampaniyalar ortida turganlikda gumon qiladi, maxsus prokuror Robert Myuller esa Moskva bilan aloqadorlik bo‘yicha Tramp kampaniyasining sobiq boshqaruvchisi Pol Manafort faoliyatini o‘rganmoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh bilan kiberurushdagi ishtirokini inkor etmoqda. Boshqa tomondan, France Press agentligida ta'kidlanishicha, u bir necha marotaba Rossiyaning noyob razvedkasi bilan faxrlanishini aytgan - uning karerasi Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (DXQ - KGB)da boshlangani inobatga olinsa, buning ajablanarli joyi yo‘q.
Putin o‘smirlik yillarida "Qilich va qalqon" romani va uning asosida suratga olingan filmni juda yaxshi ko‘rgan. Bu millatchilarni yengishga yordam bergan dadil sovet razvedkachisining tarixi. Keyinroq Putin "bir razvedkachining o‘zi minglab odamlarning taqdirini belgilab berishi mumkinligi"dan hayratga tushganini aytgan.
Putin Sankt-Peterburg davlat universitetining yuridik fakultetida tahsil olgan. Uning diplom ishi xalqaro huquq va savdo-sotiqqa bag‘ishlangan bo‘lgan.
U dastlab yuridik tajriba orttirmoqchi bo‘lgan, biroq 1975 yilda, OTMni tugallagach, taqsimotga ko‘ra DXQga ishlashga yuborilgan.
Yaxshi yangilikdan xabar topgan Putin buni nishonlash maqsadida do‘sti bilan gruzin restoraniga borgan va satsivi - yong‘oq sousli qovurilgan tovuq go‘shtini paqqos tushirgan.
Stiven Li Mayyersning "Yangi qirol" kitobiga ishonadigan bo‘lsak, karerasining boshida Putinga oson bo‘lmagan - ishchi kunlar DXQning qarib borayotgan xodimlariga to‘la tund idorada o‘tardi. Yosh mutaxassis qog‘ozlarni tinimsiz bir joydan boshqa joyga olishiga to‘g‘ri kelardi, bu vaqt orasida u ota-onasi bilan yashashda davom etgan, uning hatto alohida xonasi bo‘lmagan.
1975 yilda u bo‘lajak ofitserlar razvedka taktikasi va so‘rovlar usullarini o‘rganuvchi Oxtadagi operativ tarkibda (401-maktabda) tayyorlov kurslarini tugalladi, shu bilan birga jismoniy mashqlar bilan shug‘ullangan. 1976 yilda u katta leytenant unvoniga ega bo‘ldi.
Keyinroq Putin yana bir tayyorlov kursini o‘tagan. 1984 yilda uni bir yilga o‘qish uchun Moskvaga, hozirgi Tashqi razvedka akademiyasiga jo‘natishdi. Putin ma'muriyatining sobiq rahbari va uning sinfdoshi Sergey Ivanovning The Telegraph'ga bergan intervyusiga ko‘ra, eski razvedkachilarning ba'zi darslari ahmoqlikdan o‘zga narsa bo‘lmagan.
1970-yillarda DXQ rahbari Yuriy Andropov xizmatga chaqirganlar safida Putin ham bo‘lgan - u yosh, tanqidiy yondashuvga ega ofitserlarni jalb qilib, idorani modernizatsiyalashga harakat qilgan.
Aftidan, o‘sha vaqtlar kontrrazvedka va chet elliklarni nazorat qilish Putinning vazifasiga kirgan. Mayyersning so‘zlariga ko‘ra, Putin, shuningdek dissidentlar bilan shug‘ullangan DXQning beshinchi bosh boshqarmasi bilan ham ishlagan.
1985 yilda Putin tarjimon afsonasi niqobi ostida Germaniyaga, Drezdenga yo‘llangan. Fiona Xill va Kliff Gaddi o‘zining "Putin" nomli kitobida uning missiyasi Germaniya sotsialistik birligi partiyasi va GDR davlat xavfsizlik vazirligining yuqori lavozimli amaldorlarini ishga yollashdan iborat bo‘lganini taxmin qilishadi. Bundan tashqari, mualliflarning ta'kidlashicha, texnologiya sirlari va G‘arbiy Berlindan kelgan nemislarning komprometatsiyasini o‘g‘irlash ham Putinning vazifasiga kirgan. Shuningdek u G‘arbiy Germaniyadagi maxfiy operatsiyalarda ham ishtirok etgani taxmin qilinadi.
Xill va Gaddining ta'kidlashicha, yuqorida qayd etilganlarning barchasi "Putin nima bilan shug‘ullangan?" degan savolga eng yaqin javob bo‘la oladi.
Putinning aytishicha, DXQda ishlab, keksa razvedkachilar bilan suhbatlashgach, u SSSR kursining xatosizligidan shubhalana boshlagan: "Razvedkada o‘sha paytlar boshqacha fikrlash, hamma ham jur'at qila olmaydigan so‘zlarni aytish imkoni bo‘lgan".
1989 yilda, Berlin devori qulaganidan so‘ng DXQning Drezdendagi binosi g‘azablangan olomon tomonidan talangan. Putinning yodga olishicha, o‘sha paytlar olomonni tinchlantirish uchun qurol ishlatishga to‘g‘ri kelgan.
Rossiyaning bo‘lg‘usi prezidenti 1990 yildagina uyiga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, Sovet hukumati tanazzulga uchragan vaqt DXQdagi faoliyat uning dunyoqarashini shakllantirgan.
Putin bu borada shunday deydi: "Ittifoqning xastaligi oydinlashdi - bu falaj nomli halokatli, bedavo kasallik edi. Hukumat falaji".
Oxir-oqibat, 1991 yilda, avgust isyoni vaqtida Putin DXQdan ketdi. Keyinroq u Boris Yeltsin ma'muriyatidagi amaldorlar safiga qo‘shildi, u prezident vazifasi bajaruvchisi bo‘ldi va 2000 yilda birinchi marta Rossiya prezidenti etib saylandi.
Suratlar manbasi:businessinsider.com
Mavzuga oid
22:03 / 15.11.2024
Shols va Putin ikki yil ichida ilk bor telefon orqali muloqot qildi
22:30 / 14.11.2024
Putin Rossiyada YouTube faoliyati sekinlashgani bilan «shug‘ullanish»ga va’da berdi
20:43 / 13.11.2024
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
22:15 / 12.11.2024