Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vladimir Putin: Suriyadagi Eron qo‘shinlari, Kurdiston neft embargosi va to‘rtinchi muddatga saylanishi haqida
Rossiya energetik haftasi panelli sessiyasida chiqish qilar ekan, RF prezidenti Vladimir «Rossiya Eronning milliy manfaatlariga hurmat bilan qaraydi, lekin milliy manfaatlar Rossiyada ham, Turkiyada ham, Saudiya Arabistonida ham bor», deb ta'kidlab o‘tdi. Putinning gaplarini RIA Novosti keltirmoqda.
Boshlovchi RF prezidentiga Saudiya Arabistoni bilan munosabatlar mustahkamlanayotgani fonida Suriyadagi mojarolar nihoyalangach, Rossiya u yerdagi vaziyatni qanday tasavvur etayotgani haqida, Suriyadagi ziddiyatlar tugagach, Rossiya Saudiya Arabistoniga eronlik harbiylar Suriyadan chiqib ketishiga kafolat bera oladimi, deya savol berdi.
Putinning ta'kidlashicha, mamlakat o‘z yo‘lini o‘zi belgilab olmog‘i lozim, «bu ushbu davlat xalqining suveren huquqi». «Bu narsa to‘laligicha Eronga ham taalluqli. Biz doimo har qanday davlatning suvereniteti, ichki va tashqi siyosatiga hurmat bilan qaraganmiz. Eron bizning qo‘shnimiz, azaliy hamkorimiz, biz buni qadrlaymiz va Eronning milliy manfaatlariga hurmat bilan qaraymiz, biroq milliy manfaatlar Rossiyada ham, Turkiyada ham, Saudiya Arabistonida ham bor», — dedi Putin.
«Biz bu tashvishlarni tushunamiz, boz ustiga, turli tomondan yangrayotgan qarshi tashvishlarni ham bee'tibor qoldira olmaymiz. Masalan, hozir hammani Iroqdagi vaziyat tashvishlantirmoqda — uning qay tarafga qarab rivojlanishi, Iroq Kurdistonidagi referendum masalasi — u yer ham mintaqaviy ichki muammolar girdobida qolgan. Agar kishi o‘zini ushbu jarayonning barcha qatnashuvchilarini qoniqtiruvchi kelishuv va yechimlar izlab topishga yo‘naltirsa, vaziyat barqarorlashadi», — dedi Rossiya prezidenti.
«Bizda hammani birlashtiruvchi jihat bor, endi esa bahs mavzusi bo‘lgan narsalarga taqalmasdan, umumiy manfaat yo‘lida birlashish kerak, shunda bizni muvaffaqiyat qarshi oladi», — deya savolga javobini yakunladi Putin.
Iroq Kurdistoniga nisbatan neft embargosining joriy etilishi neft narxining o‘sishiga olib keladi, biroq hech kim bunday yo‘l tutmasa kerak, dedi Putin.
«Bu umumbashariy energetika bozorlarida o‘z aksini topadi va narxlar tepaga qarab o‘sa boshlaydi. Fikrimcha, bundan hech kim manfaatdor emas, shu sababli real hayotda yuz beradigan voqealarga sinchiklab qarash kerak va har qanday taxminlar vaziyatni izdan chiqarishga xizmat qilmasligi lozim», — dedi Putin ushbu avtonom hududdan neft yetkazib berish to‘xtatib qo‘yilsa nima bo‘ladi, degan savolga javob bera turib.
Putin hozircha 2018 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnanish borasida bir to‘xtamga kelmaganini aytib o‘tdi; asosiy nomzodlar noyabr oyining oxiri — dekabr oyining boshlarida o‘z rejalarini e'lon qilishadi.
Sessiya moderatori «Kimga qarshi o‘z nomzodingizni qo‘yasiz, bu borasida bir to‘xtamga keldingizmi?» — deb savol bergandi.
«Yo‘q, nafaqat kimga qarshi kurash olib borishim, umuman, o‘z nomzodimni ilgari surish borasida ham bir qarorga kelganimcha yo‘q», — dedi Putin.
«Fikrimcha, yil oxiriga borib asosiy nomzodlar o‘z qatnashuvini va saylovoldi dasturlarini e'lon qilishadi», — deya tushuntirish bergan Rossiya prezidenti.
Mavzuga oid
08:59
Zelenskiy G7 sammitida Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
14:20 / 11.06.2026
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
09:15 / 09.06.2026