O‘zbekiston | 12:10 / 05.10.2017
64680
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 550ta paxta terish mashinasining 500tasi Turkmanistonga eksport qilindi

Foto: Kun.uz

2017 yil 4 oktabr kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining 12-yalpi majlisi o‘tkazildi. Unda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan «Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida» gi qarori loyihasi muhokama qilindi. O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktori Shuhrat Teshayev senatorlarga bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Uning aytishicha, Jahon banki moliyaviy ko‘magida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 195ta paxta terish mashinasi yetkazib berilgan bo‘lsa, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida 2000 mingdan ortiq mahalliy paxta terish mashinasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida xorijlik hamkorlar bilan birgalikda paxta yetishtirish bo‘yicha ilg‘or texnologiyali zamonaviy klasterlar tashkil etiladi. 

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, «O‘zagrotexsanoatxolding» boshqaruvi raisi Nodir Otajonov ma'ruza qildi. 

«2017 yilda qariyb 100 mln dollar miqdorida investitsiya kiritilib, Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi, Chirchiq qishloq xo‘jaligi agregat zavodi, Urganchdagi zavodni modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Natijada biz nima kutayapmiz? Bu yil mana 550ta paxta terish mashinasi ishlab chiqilib, uning 500 tasi Turkmanistonga eksport qilindi. Kelasi yildan 3000 ta paxta terish mashinasi ishlab chiqarish uchun harakatlar bugundan boshlandi», — dedi Nodir Otajonov.

Mavzuga oid