Jahon | 23:00 / 06.10.2017
8211
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiyadagilar Ispaniyada fuqarolik urushi boshlanishidan xavfsiramoqda

Foto: Reuters

Kataloniyadagi vaziyat taranglashuvi Yevropaning markazida fuqarolar urushini keltirib chiqarishi mumkin. Bunday fikrni byudjyet masalalari bo‘yicha yevrokomissar Gyunter Ettinger bildirib o‘tgan.

«Vaziyat juda va juda xavotirli. Yevropaning markazida fuqarolik urushi xavfi yuzaga kelgan. Madrid va Barselona o‘rtasida tinch muzokaralarga umid qilish mumkin xolos», deya Ettingerning so‘zlarini keltirgan The Telegraph.

Ettinger «agar so‘rov tushsa» Yevropa Ittifoqi vaziyatga aralashishi mumkinligini aytgan.

1 oktabr kuni Kataloniyada Ispaniya qirolligidan ajrab chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Ispaniya hukumati ushbu referendumni noqonuniy deb topdi va saylov uchastkalarini yopish uchun politsiya jo‘natdi. Natijada saylovchilar va politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqdi. Politsiya odamlarni saylov uchastkalaridan haydash uchun rezina o‘qlar va dubinkalar qo‘llagan. Natijada, 800 nafardan ortiq saylovchi tan jarohatlari olgan.

Referendum natijalariga ko‘ra, kataloniyaliklarning 90 foizdan ortig‘i mustaqillik uchun ovoz bergan. Ispaniya hukumati va Yevrokomissiya referendumni noqonuniy deb topdi. Ammo hafta oxirida Kataloniya hukumati mustaqillik e'lon qilmoqchi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid