Jahon | 18:20 / 08.10.2017
20661
6 daqiqa o‘qiladi

Yevropada mustaqillik talab qiluvchi xalqlar. Ular maqsadga erishadimi?

Pireney yarimorolida mashhur bo‘lgan El Pais gazetasi tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, Ispaniya Bosh vaziri Mariano Raxoy boshqaruvidagi hukumat Kataloniyada o‘tkazilgan referendum va uning natijalarini tan olmaydi.

«Biz ajralishning oldini olamiz. Ochiq aytishim mumkin, bu ro‘y bermaydi», — dedi u.

Yevropada demokratiyaning oliy ko‘rinishi sifatida tan olingan referendum natijasini inkor etish yoki jarayonni xolis o‘tkazishga to‘sqinlik qilish birinchi marta yuz berayotgani yo‘q. Shunday ekan, kelgusida ana shu ko‘rinishdagi harakatlar ko‘hna qit'aning yettita hududida yuz berishi mumkin.

1. Shotlandiya, Buyuk Britaniya

Foto: Insider.pro

Azaliy orzu-umidlarini bir maqsadga bog‘lagan shotlandlar Birlashgan Qirollik tarkibidan chiqishga harakat qila boshladi. Shundan so‘ng, 2014 yil mamlakatda mustaqillik masalasini hal etish uchun xalq referendumi o‘tkazilgan. Unda ishtirok etgan umumiy saylovchilarning 55 foizi yangi davlat tuzilishiga qarshi chiqqan edi.

Endilikda Buyuk Britaniyaning o‘zi Yevroittifoqdan ajralayotganini vaj qilib ko‘rsatgan Shotlandiya Milliy partiyasi rahbari Nikola Sterjyen yana bir bor referendum o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Kichik parlament va yarim avtonomiya huquqiga ega Shotlandiyada hozirda 5,2 million kishi istiqomat qiladi.

2. Flandriya, Belgiya

Foto: Insider.pro

Har ikki jahon urushida ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Belgiya mamlakati 1830 yilda Germaniya va Fransiya o‘rtasidagi bufer hudud sifatida tan olingandi. Belgiyaning maqomi bir necha davrda xalqaro maydonda tan olinmay, to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi. Eng qizig‘i esa belgiyaliklar yashab kelayotgan davlatda ikki turli elat vakillari mavjud: biri flamand tilida so‘zlashuvchi shimolning konservativ ruhdagi aholisi bo‘lsa, ikkinchi esa fransuz tilida muloqot qiluvchi janub xalqi hisoblanadi.

2018 yil o‘tkaziladigan parlament saylovida g‘olib bo‘lishga katta imkoniyatlarini saqlab qolgan N-VA partiyasi aynan Flandriya Respublikasini mustaqil ko‘rishni xohlaydi.

3. Baskoniya, Ispaniya

Foto: Insider.pro

Avtonom Baskoniya Respublikasi prezidenti Inigo Urkullu yon atrofdagi hodisalarga faol munosabat bildirib bordi. Boisi, uning rahbarligida yurt ham Ispaniya yerlarida joylashgan. Ammo, basklar mustaqillik uchun harakatni 1959 yil ETA separatistik harakatini tashkil etish bilan boshlagan bo‘lsa, bora-bora namoyishlar oqibatida ko‘plab kishilar jabr ko‘ra boshladi.

Ayni kunlarda Sortu nomli partiya hokimiyati ostida birlashgan barcha mustaqillik uchun kurashib kelayotgan kuchlar 2,2 million basklarning erkin yurtda yashashini orzu qiladi.

4. Yangi Kaledoniya, Fransiya

Foto: Insider.pro

Kelasi yilning noyabr oyida Tinch okeanining janubiy qismida joylashgan arxipelag aholisi Fransiyadan mustaqil bo‘lish uchun xalq referendumini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Aytish joizki, asosiy materikdan uzoqda joylashgan Yangi Kaledoniya hududi 1853 yildan buyon Fransiyaga qaram hudud sifatida qarab kelinadi.

Shundan so‘ng, rasmiy Parij arxipelag hududiga avtonomiya maqomini berishga kelishgandek bo‘lgan. Ammo 1998 yilda imzolangan shartnoma bandlar amalda o‘z isbotini topmadi.

Hamma gap aynan mana shu hududda butun dunyoda hozirgacha ma'lum nikel zaxiralarining chorak qismi joylashganida, desak adashmaymiz.

5. Korsika, Fransiya

Foto: Insider.pro

O‘rta Yer dengizida joylashgan, 330 ming aholiga ega Korsika oroli ham mustaqil davlat bo‘lishga da'vo qilishi mumkin. Italiyaga juda yaqin joylashgan, mustaqil boshqa tilda so‘zlashuvchi Korsika aholisi bir necha yillardan beri ozodlik uchun kurashib kelmoqda.

Ayni paytda Korsika maxsus ma'muriy birlik maqomiga ega. Korsika Assambleyasi esa Kataloniya mustaqilligini so‘zsiz tan olishini bildirgan.

6. Farer orollari, Daniya

Foto: Insider.pro

Farer orollarida 48 ming kishi istiqomat qiladi, xolos. Daniya tarkibiga kirib kelgan ushbu orol 2018 yil aprel oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan referendum natijasiga qarab, ular ham mustaqil bo‘lishi mumkin.

1948 yildan boshlab Farer avtonom birlik maqomida yashab keladi, ammo xalqaro munosabatlar maydonida rasmiy Kopengagen nazoratida ekani ta'kidlanadi.

7. Lombardiya va Veneto, Italiya

Foto: Insider.pro

Bu ikki qadimiy viloyatlar mustaqil bo‘lishni aniq ifoda etmaydi, balki ko‘proq avtonomiya huquqi berilishini so‘raydi. Mazkur masala yuzasidan joriy yilning 22 oktabr kuni xalq referendumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Aslida, mamlakat tarkibidagi u yoki bu hududning mustaqillikka intilishida faqat ikki omil muhim vaj sifatida ko‘rsatilishi mumkin: soliq tushumlarining kam miqdorda metropoliyadan ajratilishi va ijtimoiy o‘zlikni ifodalashda notengliklarga duch kelishi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu ko‘rsatilgan hududlardan ko‘pchiligi boy hududlar yoki ijtimoiy notenglik sharoitidagi hayot tarzini boshdan kechirmoqda. Shunga qaramay, mustaqil mitti davlatlarning kelgusi hayoti baribir mana shu qo‘shni (yoki sobiq yaxlit mamlakat tarkibidagi) yerlarga bog‘liq ekan, masala ancha jiddiy ekanini unutmaslik lozim.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid