Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xorvatiya Ukraina va Rossiyani mojarodan qutqardi. Yevropada saralashning oxirgi tur o‘yinlari
«Tribuna» dushanba oqshomida Yevropada 2018 yilgi jahon chempionatiga saralash bosqichining oxirgi turida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvlarni tahlil qiladi.
Serbiya Jahon chempionatiga qaytdi, Uels bortdan tashqarida

D guruhi
Serbiya – Gruziya – 1:0. Gol: Priyovich, 74.
Uels – Irlandiya – 0:1. Gol: Makklin, 57.
Moldova – Avstriya – 0:1. Gol: Shaub, 69.
Slavolyub Muslin shogirdlari 9-turda Venada yutqazgandi, ammo ular Belgradda g‘alaba qozonsa, 2018 yilgi jahon chempionati yo‘llanmasini nishonlash uchun imkoniyatlar saqlanib qolgandi. Ammo Serbiyaga oson bo‘lmadi, gruzinlar bolqonlarning hayotini og‘irlashtirish uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qilishdi. 70-daqiqada Kankava gol urishga juda yaqin ham kelgandi. Ammo golni 74-daqiqada mezbonlar vakili Priyovich urdi. Serblar jahon chempionatining navbatdagi ishtirokchisi.
Kardiffda parallel kechgan britan derbisida Uels va Irlandiya ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri imkoniyat uchun kurash olib borgandi. Priyovichning goliga qadar Irlandiya bu yo‘llanma uchun asosiy da'vogar bo‘lib turgandi. Irlandlar safarda Uelsni butkul shturm holatida ushlab turishdi. Kris Koulmanning 9 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasi ayanchli holatda yakuniga yetdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Xendrik va Makklin tandemi uchrashuvdagi yagona golni yuzaga keltirishdi. «Yashil kiyimdagi yigitlar» guruh bosqichida safardagi o‘yinlarni mag‘lubiyatsiz o‘tkazishdi(3ta g‘alaba va 2 durang).
Bu guruhda Serbiya 21 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi, Irlandiya 19 ochko olib pley-offda qatnashadigan bo‘ldi, Garet Beyl jamoadoshlari bortdan tashqarida qoldi (17 ochko).

Sigurdsson dahosi

I guruhi
Islandiya – Kosovo – 2:0. Gollar: G.Sigurdsson, 40. Gudmundsson, 68.
Ukraina – Xorvatiya – 0:2. Gollar: Kramarich, 62, 70.
Finlyandiya – Turkiya – 2:2. Gollar: Arayuri, 76. Poxyanpalo, 88 – Jyenk To‘sun, 57, 88.
Keyingi yozda Rossiyada islandiyalik vikinglarni ham ko‘ramiz. Jahon chempionati tarixida ilk marta aholisi million kishidan kam davlat terma jamoasi ishtirok etadigan bo‘ldi (bu orol davlat aholisi 334 ming kishi). Islandiya terma jamoasi 2016 yilgi Yevropa chempionatidagi jasorat shunchaki tasodif emasligini isbotlay olishdi va Turkiya, Xorvatiya hamda Ukraina kabi kuchli jamoalar bilan bitta guruhda birinchi o‘rinni egalladi.
Islandiyaliklar yetakchisi Gilfi Sigurdsson Kosovoga qarshi o‘yinda barchasini hal qildi. U avvaliga o‘z mahoratini namoyish etib hisobni ochdi, ikkinchi golda Gudmundssonni ajoyib pas bilan ta'minlab, ikkinchi gol urilishiga zamin yaratdi.
Turkiya Finlyandiyani ham yenga olmadi. Bu Mircha Lucheskuning terma jamoa boshqaruvidagi oxirgi o‘yini bo‘lishi mumkin. Turklar saralash bosqichini o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazishdi. Oxirgi tur o‘yinida Jyenk To‘sun urgan gollar g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi. Turkiya 10 o‘yinda atigi 15 ochko jamg‘ardi va to‘rtinchi bo‘ldi.
Bu kechaning asosiy intrigasi Xorvatiya va Ukraina o‘yinida edi. Bu ikki terma jamoa faqat g‘alaba uchun maydonga tushgandi. Ammo Kiyevda, o‘z maydonida harakat qilgan ukrainaliklar ojiz qolishdi.

Andrey Shevchenko shogirdlari birinchi bo‘limni tetik o‘tkazishdi. Ko‘plab golli vaziyatlar yaratildi. Ammo tanaffusdan keyin saviyadagi farqlar bilinib qoldi. Andrey Kramarich 8 daqiqa ichida dubl qayd etdi va o‘yin taqdirini hal qildi. Ukraina bortdan tashqarida, xorvatlar pley-offda qatnashadi.
Qayd etish kerakki, Ukraina jahon chempionati yo‘llanmasidan mosuvo bo‘lishi sport olamini ehtimoliy mojarodan qutqardi. Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi siyosiy ziddiyatlardan kelib chiqqan holda, agar ukrainlar Rossiyada o‘tadigan jahon chempionatiga borsa, bu muammolarga sabab bo‘lishi kutilayotgandi.

«Yengilmas armada» va Italiya yubileyi

G guruhi
Isroil – Ispaniya – 0:1. Gol: Illyaramendi, 76.
Albaniya – Italiya – 0:1. Gol: Kandreva, 73.
Makedoniya – Lixtenshteyn – 4:0. Gollar: Musliu, 36. Traykovski, 38. Bardi, 67. Ademi, 69.
Bu guruhda oxirgi turdan oldin hech qanday intriga qolmagandi, guruhda birinchi va ikkinchi o‘rin egalari ma'lum bo‘lgan, Ispaniya birinchi o‘rin bilan mundialda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi, Italiya yo‘llanma uchun pley-offdagi raqibni yengishi kerakligi aniq bo‘lgandi. Va dushanba kungi o‘yinlarda hech qanday syurpriz kuzatilmadi.
Italiya Kristian Panuchchi boshqaruvidagi albanlarni kichik hisobda yengdi. Bu o‘yin «Skuadra adzurra» uchun 800-o‘yin bo‘ldi. Ventura boshqaruvidagi jamoaning yubiley uchrashuvida Kandreva g‘alaba goliga muallif bo‘ldi, uning o‘zi uchun bu uchrashuv terma jamoadagi 50-uchrashuv edi.
Ispaniya Muqaddas yerda Isroilni kichik hisobda yengdi. «Qizil furiya» tarkibida Buskets 100-o‘yinni o‘tkazdi. U bu natijaga erishgan o‘n ikkinchi ispaniyalik futbolchiga aylandi.
O‘yindagi yagona gol Ilyarramendi nomiga yozildi. Xulen Lopetegi Luis Aragonesning rekordini takrorladi, u ham terma jamoadagi faoliyatini mag‘lubiyatsiz seriya bilan o‘tkazmoqda - 14 o‘yin. Ispanlarning hozirgi murabbiyi metrdan o‘zib ham ketdi: Aragones 8 g‘alaba va 6 durang qayd etgandi, Lopetegida esa 14 uchrashuvda 11 g‘alaba, 3 durang.
Makedoniya va Lixtenshteyn uchrashuvida e'tiborga arzigulik yagona jihat bu uchrashuv shu oqshomda eng ko‘p gol urilgan uchrashuv bo‘ldi - 4:0.

Mavzuga oid
18:44
Ukraina dronlari Rossiyaning kamida 14 regioniga hujum qildi
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
17:21 / 12.06.2026