17:32 / 10.10.2017
25250

Qirg‘iziston sobiq bosh prokurori 5 yilga qamaldi

Foto: AKIpress

Qirg‘iziston sobiq bosh prokurori, muxolif deputat Aida Salyanova o‘z xizmat vakolatini suis'temol qilgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar bergan.

2016 yilning dekabrida Qirg‘iziston bosh prokuraturasi matbuot xizmati Salyanovaga qarshi jinoiy ish u adliya vaziri lavozimini egallagan paytida “xizmat vakolatini suiste'mol qilgani” uchun qo‘zg‘atilgani haqida xabar qilgandi. Gap 2010 yilda sobiq prezident Kurmanbek Bakiyevning o‘g‘liga yaqin bo‘lgan hamda qidiruvga berilgan Aleksey Yeliseyevning advokatlik litsenziyasi tiklangani haqida bormoqda.

"Ota-Makon” fraksiyasidan Jo‘qorg‘i Kenesh deputati, sobiq bosh prokuror Aida Salyanova Bishkekning Lenin tumani sudi qarori bilan besh yilga ozodlikdan mahrum etildi", - deyiladi xabarda.

Agentlikning aniqlik kiritishicha, Salyanovaning mol-mulki ham musodara qilinadi. Biroq, jazoni ijro etish haqidagi qaror uning 2015 yilda tug‘ilgan farzandi 14 yoshga to‘lganidan so‘ng kuchga kiradi.

Salyanova prezident Bakiyev hokimiyatdan chetlatilgach, Qirg‘iziston vaqtinchalik hukumatining a'zolaridan biri bo‘lgan. U adliya vaziri, keyinroq esa bosh prokuror sifatida ishlagan. 

Mavzuga oid
Top