Light | 21:33 / 11.10.2017
28996
5 daqiqa o‘qiladi

Krishtianu Ronalduning parhez va mashg‘ulotlar dasturi

Krishtianu Ronaldu dunyodagi eng iste'dodli futbolchilardan biri hisoblanadi. U yillar o‘tsa-da, o‘z tezligi va chidamliligini saqlab kelmoqda. Ronalduning bunday jismoniy holatni saqlab kelishiga to‘g‘ri ovqatlanish va mashg‘ulotlar dasturi, shuningdek qator foydali odatlari yordam beradi.

Foto: Voetballoopbaan

Ko‘p mutaxassislar Krishtianu Ronalduni dunyodagi eng mukammal futbolchi deb hisoblashadi. U ikki oyog‘i bilan ham aniq zarba yo‘llay oladi, ajoyib tezlik va chidamlilikka ega, deyiladi Scoopwhoop'da.

Shunisi qiziqki, uning yoshiga yosh qo‘shilsa-da, jismoniy holati o‘zgarishsiz qolmoqda. Hozir u 32 yoshda, aksariyat futbolchilar bu yoshda sportdagi karerasini yakunlaydi, Ronaldu esa hamon tetik.

Siz Ronalduni yoqtirmasligingiz mumkin, biroq bu uning parhezi yoki fitnes-rejasini qo‘llab ko‘rishingizga xalaqit bermaydi, chunki tan olib aytish kerakki, u havas qilgulik jismoniy holatda.

Foto: Instagram/Cristiano

Parhez

Krishtianuning kunduzgi ratsioni olti mahal ovqatlanishdan iborat. U shakar iste'mol qilmaydi, proteinli kokteyllar ichadi, multivitaminlar va bo‘g‘inlar salomatligi uchun qo‘shimchalar qabul qiladi. Shuningdek metabolizm yaxshi kechishi uchun ko‘p sabzavotlar iste'mol qiladi.

Foto: Instagram/Cristiano

Taxminiy menyu

  • Nonushta: mevali sharbat, tuxum oqsili, don mahsulotlari;
  • Tushlik: biroz pasta, o‘choqda pishirilgan kartoshka, yashil sabzavotlar, ozgina tovuq bilan salat;
  • Tushlik va kechki ovqat orasida tunetsli roll va sarxil sharbat;
  • Kechki ovqat: guruch va dukkaklilar, shu bilan birga tovuq hamda mevalar.

Sog‘lom parhez dunyoning eng yirik klublaridan biridagi muntazam intensiv mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtiriladi. Shunday bo‘lsa-da, Krishtianu futbol sessiyalaridan tashqarida ham mashq qiladi.

Foto: Zimbio

Qo‘shimcha mashg‘ulotlar

Ronaldu haftasiga besh kun 3-4 soatdan mashq qiladi, seshanba va shanba - dam oladi.

Dushanba - tananing pastki qismi uchun mashq qiladi. Mashg‘ulotlar turli mashqlarni o‘z ichiga oladi: sakrash va boksdan tortib to yelkada shtanga bilan o‘tirish mashqlarigacha.

Chorshanba kuni tanasining yuqori qismiga ishlov beradi. Dastur asosan yerdan tortilish, yuqoriga tortilish, brusda tortilish, to‘pni devorga otish va boshqa mashqlardan iborat.

Payshanba - kardiomashqlar va kvadritsepslar kuni. Bu kun sprintlar va shtanga ko‘tarish mashqlarini o‘z ichiga oladi. Shuni yodda tutish lozimki, Krishtianu asosiy mashg‘ulotlar va o‘yinlarda ham yetarlicha kardioyukka ega bo‘ladi.

Juma kuni Ronaldu turli mashqlarni bajarib, qobiq mushaklari kuchini mashq qiladi. Qobiq mushaklarini rivojlantirishga alohida kunning ajratilishi uning xushbichimligini ta'minlaydi va to‘pga zarba berishda kuch sarflashga yordam beradi.

Yakshanba kunlari u yengil kardio bilan shug‘ullanadi. Mashg‘ulotlar odatda arqonda sakrash va sprintlarni o‘z ichiga oladi.

Agar sizga Ronalduning parhezi yoqqan bo‘lsa, undan foydalanib ko‘ring: sog‘lom mahsulotlar, ko‘p oqsil va tezkor uglevodlarning yo‘qligi barcha uchun foydali. Mashg‘ulotlarga keladigan bo‘lsak, u sizning xususiyatlaringiz va maqsadlaringizdan kelib chiqishi kerak. Shuning uchun bunday dastur bo‘yicha shug‘ullanishga qaror qilsangiz, yaxshisi avval murabbiy bilan maslahatlashib ko‘ring.

Foto: Reddit

Boshqa foydali ko‘nikmalar

Oziqlanish va mashg‘ulotlar dasturidan tashqari, Ronalduning ajoyib jismoniy holatini ta'minlovchi boshqa qator omillar ham mavjud.

 

Uyqu

Krishtianu Ronalduning uyqu bo‘yicha maslahatchisi bor (to‘g‘ri o‘qidingiz, shunday kasb ham bor). U necha soat uxlash, kunning qaysi qismida uxlashga yotish borasida sportchiga maslahat berib keladi. Shu bois Krishtianu musobaqalar vaqtida yaxshi jismoniy holatda bo‘ladi.

Foto: Zimbio

Sog‘lom raqobat

Krishtianu o‘zingiz bilan deyarli bir xil darajada bo‘lgan kishilar bilan birga shug‘ullanishni tavsiya qiladi. Doimiy musobaqalar mashg‘ulotlarga qiziqishni saqlab qolishga yordam beradi.

Bundan tashqari, u maqsadlar qo‘yib, ularga erishish sari harakat qilish, axloqan barqaror bo‘lish va bo‘shashmaslikni maslahat beradi.

 

Dam olish

Ronaldu kun oxirida dam olish katta ahamiyatga ega deb hisoblaydi. U spirtli ichimliklarni mutlaqo iste'mol qilmaydi, oilasi va do‘stlari davrasida dam olishni ma'qul ko‘radi - bu unga hordiq chiqarishga yordam berib, ijobiy hissiyotlar bilan quvvatlantiradi.

Mavzuga oid