Sport | 16:55 / 11.10.2017
23796
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga kelmaydigan yulduzlar terma jamoasi. Beyl va yana 10 futbolchi

Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanma olgan terma jamoalar soni 23tani tashkil qilmoqda. Yana 9 yo‘llanma egalari noma'lum bo‘lib turibdi. Hali ochiq turgan savollar bo‘lishiga qaramay hozirning o‘zida bir qator kuchli terma jamoalarning musobaqada ishtirok eta olmasligi aniq bo‘ldi. Terma jamoalar o‘z yo‘liga lekin bir qator yulduz futbolchilarning ham ishtirok etmasligi ma'lum bo‘ldi.

Tribuna.Uz futbol olamining eng nufuzli turnirini o‘tkazib yuboradigan omadsiz yulduzlardan tuzilgan tarkibni taqdim etdi. Nima ham derdik, «Boylar ham yig‘laydi!»

YaN OBLAK (Sloveniya)
Sloveniya terma jamoasi bor ekan, tarkiblarimiz darvozabonlardan yolchiyveradi. Bu pozitsiyaning doimiy egasi Samir Handanovich o‘rnini «Atletiko» posboniga bo‘shatib bermoqda. 

Hozirda dunyoning eng talabgor darvozabonlaridan biri bo‘lib turgan Yan Oblak saralash bahslarida Sloveniyaning gol o‘tkazish borasida raqiblaridan kam bo‘lmasligini ta'minlay oldi, ammo sloveniyaliklarda doimo to‘purarlardan muammo bor. Natijada Katanets shogirdlari Slovakiya va Shotlandiya bilan raqobatda mag‘lub bo‘ldilar. 

ANTONIO VALeNSIYa (Ekvador)
«Manchester Yunayted» sardori, Angliya Premer Ligasining eng yaxshi o‘ng qanot himoyachilaridan biri. Ekvador terma jamoasi tarkibida u ko‘proq yarimhimoyada o‘ynaydi. 

Jahon chempionatiga borish imkoniyatini ancha oldinroq qo‘ldan chiqargan ekvadorliklar so‘ngi turda Messini olib qolib, hech bo‘lmasa 2017 yilgi shov-shuvni amalga oshirishlari mumkin edi. Eh, tarkibimiz zo‘r bo‘lardi-da, Messi bilan...

SIYoD KOLAShINATs (Bosniya va Gertsegovina)
Yoshlar tarkibida Germaniya terma jamoasida ishtirok etgan Siyod JCh-2014 da ishtirok etish uchun kurashayotgan Bosniyani tanlagan edi. O‘sha paytda 21 yoshni qarshilagan Kolashinats Braziliyada o‘tgan jahon chempionatida ishtirok etdi ham. 

Lekin ayni kuchga to‘lib, buning ustiga «Arsenal» tarkibida o‘zini ko‘rsatishni boshlayotgan bir davrda Bosniya bu safar mundialga chiqa olmadi. Gretsiya bilan so‘nggi turlargacha kurashgan bolqonliklar oqibatda guruhda uchinchi o‘rin bilan kifoyalanishdi. Ayniqsa, Kiprdagi mag‘lubiyat Kolashinats va jamoadoshlariga qimmatga tushdi. 

VIRJIL VAN DeYK (Niderlandiya)
Yoz bo‘yi «Liverpul»ga himoyachilar uchun rekord summaga transfer bo‘lishi aytilgan Virjil uchun kelasi yoz ancha tinch o‘tsa kerak. Niderlandiya terma jamoasi qatorasiga ikkinchi marta yirik turnirdan chetda qolmoqda. 

Yangi avlodning yulduz o‘yinchilaridan biri Van Deyk uchun esa, narxini yanada oshirish imkoni endi «Sauthempton» orqali yuzaga keladi xolos. 

DAVID ALABA (Avstriya)
Biz go‘yo anchadan beri biladigan David Alaba atigi 25 yoshga kirgan. Ammo shu paytgacha u olti marta Avstriyaning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lishga ulgurdi, terma jamoa sardori hisoblanadi. 

Oxirgi marta JCh-1998 da final bosqichida ishtirok etgan Avstriya terma jamoasi bu safar ham guruhda omadsizlikka uchradi. Sabab esa aniq, tarkibda Alaba darajasidagi futbolchilarning yetarli emasligidir. 

AARON REMZI (Uels)

Uels terma jamoasidagi ikki top-yulduzning biri. So‘nggi turdagi hal qiluvchi uchrashuvda Garet Beylning maydonga tushmasligi aniq bo‘lgach, barcha e'tibor Aaronga qaratilgan, aynan u uelsliklarni oldinga boshlashi kutilgandi. So‘nggi Yevropa chempionatida u bu ishni yaxshi uddalagandi ham. 

Ammo Uels Britaniya derbisida Irlandiyani oldinga o‘tkazib yubordi. 26 yoshli futbolchida keyingi chempionatlarda ham ishtirok etish imkoniyati bo‘lishi shubhasiz.  

ARTURO VIDAL (Chili)
So‘nggi ikki Kopa Amerika g‘olibi, o‘tgan yilgi jahon chempionatida kimsan Ispaniya terma jamoasini dog‘da qoldirgan Chili saralash o‘yinlarida hatto beshinchi o‘rinni ham qo‘lga kirita olmadi. Ayniqsa, so‘nggi turda barcha masalani hal qilgan Braziliya bo‘lgani ham noqulay. Go‘yoki kuchli raqib, ammo ochko kerak emasligi chalg‘ituvchi omil hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan Chili so‘nggi turda to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibi bilan maydonga tushgani qulayroq bo‘lardi, balki. 

Arturo bu terma jamoaning yetakchilaridan biri hisoblanadi va balki uning uchun oxirgi imkoniyat edi. 30 yoshli «Bavariya» yarimhimoyachisi Qatardagi chempionatda qanday holatda bo‘lishini taxmin qilsa bo‘lar...

AReN ROBBeN
Mana shu ramziy tarkibdagi hech qaysi futbolchi jahon chempionati qahramonligiga Robbenchalik yaqin kelmagan. Kasilyas bilan yakkama-yakka vaziyat haligacha futbolchining tushiga kirib chiqsa ajab emas. 

Oltin avlodning so‘nggi vakillaridan biri, hech qachon qarimaydigan Aren Robben terma jamoa safidagi oxirgi o‘yinida ham shvedlar darvozasini birin ketin ishg‘ol qildi. Ammo «poyezd ketib bo‘lgan edi» – Robben endi faqat mana shu omadsizlar jamoamiz chap qanotida javlon uradi. 

ALeKSIS SANCheS (Chili)
«Arsenal»dagi omadsiz mavsum, transfer bozoridagi yakuniga yetmagan muzokaralar, mavhum kelajak... Sanches rostan ham biroz qiyin davrni boshdan kechirmoqda, buning ustiga terma jamoadagi muvaffaqiyatsizlik...

Nihoyat endi, Sanches bo‘lajak jahon chempionati haqida ortiqcha qayg‘urmasligi, bor e'tiborini klub futbolidagi taqdiriga qaratishi mumkin. Omad tilaymiz.  

GAReT BEYL (Uels)
Peshonasiga Rayan Giggz, Jorj Best kabi futbolchilarning taqdiri yozilgani taxmin etilgan ushbu futbol yulduzi jamoasini oldinga boshlab, Yevropa Chempionatida barchaning e'tiboriga sazovor bo‘lgan va bunday fikrlarni o‘zgartirib yuborgandi. 

Lekin Uels terma jamoasi «Real» emaski, jarohatda o‘tirib ham yakunda Chempionlar Ligasi finalida «uyg‘ongani», bu yer boshqacharoq, sal o‘girilding hamki, Irlaniya terma jamoasi gol urib o‘tiribdi va sen endi mundialdan tashqaridasan...

PeR-EMeRIK OBAMeYaNG (Gabon)
Mana bu endi haqiqiy ma'noda Jorj Veaning izdoshi va shunday bo‘lib qolsa kerak.

Obameyangdan tashqari, Lemina (Sauthempton), Evuna (Ko‘nyaspor), Ndong (Sanderlend) va Yevropada to‘p suradigan yana bir necha futbolchilar paydo bo‘lgach, balki gabonliklar mundial orzusiga berilishgandir. Ammo guruhda Marokash va Kot D’Iviuar kabi «ajdarholar» raqib bo‘lgach, taqdirga tan berildi. Obameyang esa, ramziy terma jamoada Edin Djyekoni siqib chiqardi.

Bu tarkib bilan nafaqat JChda ishtirok etish bemalol g‘oliblik uchun ham kurashish mumkin edi. Zaxirachi deysizmi? Zaxirada ham bir qator yulduzlar borki, yana bir favorit jamoa nomiga da'vogarlik qiladigan tarkib yaratish mumkin bo‘ladi.

Zaxira tarkibi: Petr Chex (Chex) – Deril Yanmaat (Niderlandiya), Eshli Uilyams (Uels), Gari Medel (Chili), Deyli Blind (Niderlandiya) – Hoqon Chalxono‘g‘lu (Turkiya), Nabi Keyta (Gvineya) – Marek Hamshik (Slovakiya), Genrix Mxitaryan (Armaniston), Riyoz Mahrez (Jazoir) – Edin Djyeko (Bosniya va Gertsegovina).

Foto: Tribuna.uz

Mavzuga oid