Fan-texnika | 21:30 / 12.10.2017
82267
3 daqiqa o‘qiladi

Unutilgan mashinalar: Ufa ostonasida 1,5 mingta «Daewoo» joylashtirilgan turargoh topildi

Unutilgan turargohda to‘rtta soqchilik posti, baland devor va ko‘plab kameralar bor

Boshqirdiston poytaxtidan uzoq bo‘lmagan joyda ufaliklar «Daewoo» rusumidagi ulkan avtomobillarning turargohiga duch kelishgan, deb yozadi «Komsomolskaya pravda — Ufa». Mashinalarning soni bir yarim mingga yaqin. Turargohda «Matiz», «Jyentra»larni uchratish mumkin, biroq eng ko‘p maydonni «Neksiya»lar egallab turibdi. Turargoh kuzatuv kameralari bilan jihozlangan, atrofi baland devor bilan o‘ralgan va to‘rtta soqchilik posti o‘rnatilgan.

«Komsomolskaya pravda» muxbiri bu avtomobillar kimga tegishli ekanligi, ular chindan ham unutib tashlab ketilganmi-yo‘qligiga aniqlik kiritmoqchi bo‘lgan.

— Bir necha muddat avval avtosalonda ushbu avtomobillarni sotishni taqiqlashgan, chunki soliqdan katta qarzdorlik vujudga kelgan. Shunda avtomobillarni O‘zbekistonga qaytarib olib ketishga harakat qilishgan, lekin buning uddasidan chiqishmagan — bojxonada ma'lum bo‘lishicha, ushbu avtomobillarga nisbatan hibs joriy etilgan ekan, — degan «Komsomolskaya pravda»ga o‘z manbasi.

Shundan so‘ng sudda ish ko‘rib chiqilganga qadar uni maxsus turargohga joylashtirishga kelishishgan. Sud jarayoni cho‘zilib ketib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ushbu mashinalar ikki yildan buyon o‘sha yerda saqlanmoqda.

Ufadagi xorijiy avtomashinalar bilan savdo qiluvchi avtosalon esa ishlamayapti — u bir yilcha muqaddam yopilgan.

Uning qoshida faqat ta'mirlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatish markazi qolgan, u yerdagilar yaqin orada rasmiy diler ish boshlamasligini ma'lum qilishgan.

«Komsomolskaya pravda» ushbu vaziyat yuzasidan sud ijrochilariga so‘rov jo‘natgan. Idora yaqin kunlarda masalaga oid o‘z javobini taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2010 yilning noyabridan 2016 yil bahoriga qadar «O‘zavtosanoat» AK rahbari o‘rinbosari, parallel ravishda GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi bosh direktori lavozimida Tohir Jalilov ishlagan edi.

Mavzuga oid