17:30 / 16.10.2017
33617

Samarqandda ziyolilar paxta yig‘im-terimida zarbdor 30 kunlik e'lon qilishdi

Samarqand ziyolilari va mehnat faxriylarining paxta yig‘im-terimida zarbdor 30 kunlik e'lon qilish bo‘yicha murojaati qabul qilindi. Murojaat Samarqand viloyat hokimligi rasmiy saytida e'lon qilindi va viloyatning «Zarafshon» gazetasida chop etildi.

«Qadrli yurtdoshlar!

Mamlakatimizda paxta xirmoni taqdiri hal bo‘ladigan palla keldi. Hosil dehqonlar, qishloq ahli, tuman markazlari va shaharlardagi uyushmagan aholi yordamida terib olinmoqda. Xizmat haqining har kuni naqd pulda berilishi, yashash sharoiti yaratilgani bois ko‘plab yurtdoshlarimiz ongli ravishda etak bog‘lab dalaga chiqmoqdalar.

Biroq hosilning mo‘l-ko‘lligi, qolaversa, ob-havoning tez-tez o‘zgarib turishi katta mehnat evaziga yetishtirilgan xom ashyoni tezroq yig‘ishtirib olishni taqozo etmoqda. Bunday paytda mehnatga yaroqli har bir fuqaroning paxta terimiga chiqishi xirmon taqdirini hal qiladi. Aynan shuning uchun ham biz viloyat ahliga murojaat qilishni lozim topdik.

Bizda paxta taqdirini faqat dehqon zimmasiga yuklab qo‘yish munosabati yo‘q emas. To‘g‘ri, uni dehqon ekadi, yetishtiradi va sotadi. Lekin ushbu hosil ne'matlaridan barchamiz foydalanamiz. Ustimizdagi libosdan tortib, taomga solinadigan yog‘, chorva mollariga beriladigan vitaminga boy ozuqa ham shu xom ashyodan olinadi. Paxtani qayta ishlovchi korxonalarda o‘zimizning farzandlarimiz ishlaydi. Paxta milliy boyligimiz, deganda ana shu omillar nazarda tutilishini esdan chiqarmaylik.

Har qanday holatda ham paxta eng maqbul sanoat xom ashyosi hisoblanadi. Paxta va undan qayta ishlangan mahsulotlarni sotishdan tushadigan mablag‘ mamlakat qishloq xo‘jaligidan keladigan yalpi valyuta fondining katta qismini tashkil etadi. Shu sababli davlatimiz rahbarining tashabbusi va bevosita harakati bilan bu borada keskin o‘zgarishlar qilinmoqda. Iqtisodiy munosabatlarda tartib o‘rnatish, fermer mas'uliyatini oshirish, paxtaning yangi, ilg‘or navlarini yaratish, mashina terimi salmog‘ini ko‘paytirish, xizmatga haq to‘lash tizimini takomillashtirish kabi choralar ko‘rilmoqda.

Viloyatimizda joriy yilda 85 ming 500 gektar maydonda paxta hosili yetishtirildi. Shartnomaviy rejaning 85 foizdan ko‘prog‘i bajarildi. Ammo mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, viloyatimiz dalalarida yana 60 ming tonnadan ziyod paxta hosili mavjud. Uning uchdan bir qismi, ya'ni 20 ming tonnasi sifatli tola degani. Bir tonna o‘zbek paxta tolasining bugungi jahon bozoridagi o‘rtacha narxi 1 ming 800 AQSh dollarini tashkil etmoqda. Demak, dalalarimizda hali qariyb 36 million AQSh dollariga teng paxta xom ashyosi yotibdi. Bundan tashqari shu miqdordagi tolani qayta ishlash orqali xazinamizga 28 mlrd. so‘mlik ip kalava va 421 mlrd. so‘mlik gazlamadan mablag‘lar kelib tushishi mumkin. Shu miqdordagi hosildan 5,4 ming tonna yog‘, 28,8 ming tonna chorva mollari uchun ozuqa-yem olinadi. Bu davlatimiz byudjyetiga qo‘shimcha daromad olib keladi. Natijada yangi maktablar, bolalar bog‘chalari, yo‘llar quriladi.

Endi har birimiz o‘ylab ko‘raylik. Shuncha boylikni o‘z holiga tashlab qo‘yish xalq rizqini uvol qilish emasmi? Shunday mas'uliyatli pallada barcha yukni dehqon zimmasiga tashlab qo‘yish insofdanmi?

Muqaddas dinimizda isrof qattiq qoralangan. Kim shunga amal qilsa, ne'matlarni qadrlasa, nest-nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasa, Allohning ne'matlarini tan olgan va U Zotga shukr qilgan bo‘ladi. O‘z navbatida, Alloh taolo bunday bandaga ne'matlarini bardavom qiladi.

Yana bir gap. Shuncha hosilni yetishtirish uchun mehnatdan tashqari katta mablag‘ sarflangan. Bu yilgi paxta xom ashyosini yetishtirish uchun 345 milliard so‘mlik xarajat qilinib, shundan mineral o‘g‘itlarga 57 mlrd. so‘m, yoqilg‘i-moylash materiallariga 55 mlrd. so‘m, ish haqiga 152 mlrd. so‘m hamda agrotexnik tadbirlar uchun 34 mlrd. so‘m sarflangan.

Bu xarajatlar qoplanishi, o‘z joyiga qo‘yilishi va nihoyat, qo‘shimcha daromad olinishi lozim. Aks holda tizimdagi moliyaviy muammolar ko‘plab sohalarga, hatto aholining yashash darajasiga ham ta'sir ko‘rsatadi.

Respublika jamoatchiligining, xususan, ijodkor ziyolilarning paxta yig‘im-terimida zarbdor 30 kunlik e'lon qilishi, uyushmagan aholini bu savobli ishga da'vat etish tashabbusiga biz ham chin dildan qo‘shilamiz.

Samarqand ziyolilari, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari, ijodkorlar, san'atkorlar bugundan e'tiboran qishloq ahliga yordamga chiqish bo‘yicha tashabbus bilan chiqmoqdamiz.

Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning viloyatimizga ko‘rsatayotgan e'tiborini ko‘rib turibmiz. U kishining tashabbusi bilan kiritilayotgan investitsiya loyihalari hayotimizning farovon bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Bunga javoban bizning bu islohotlarda faol ishtirok etishimiz ham farz, ham qarz, deb hisoblaymiz.

Kasbi, yoshi, turar joyidan qat'i nazar, viloyatda yashovchi har bir mehnatga layoqatli fuqaro zarbdor oylik davomida o‘zini paxtakor deb bilib, etak bog‘lab dalaga chiqsin, oila a'zolari, tanish-bilishlarini o‘zi bilan birga ergashtirsin.

Misol uchun, agar oiladan uch kishi bir kunda 10 kilogrammdan paxta terib bersa, bu ham dehqonga madad. Sizga o‘xshagan oiladan 50 tasi, 100 tasi chiqsa-chi? Yoki 10 kilogramm emas, 30-70 kilogramdan paxta tersak-chi? Ko‘ryapsizmi, ishtiyoq va hafsala hosilni qisqa muddatda yig‘ishtirib olishga ko‘maklashadi. Qolaversa, xalqimiz hashar degan ulug‘ udum orqali yurt uchun zarur bo‘lgan ulug‘vor ishlarni ham uddalashgan. «Hashar — elga yarashar» deb bejiz aytishmagan.

Hozirgi sharoitda huzur-halovatdan voz kechib, ayrim tadbirlarni to‘xtatib turish millatimizga xos yuksak fazilat ekanini unutmaylik. Shu bois, ertadan ommaviy hashar uyushtiraylik. Negaki, shu yo‘l bilangina ko‘zlagan niyatimizga yetamiz.

Hurmatli samarqandliklar!

Hamma paxta yig‘im-terimi uchun e'lon qilingan zarbdor oylikka!

Qalb amri bilan bildirilayotgan ushbu murojaatimiz viloyat ahli tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga albatta, ishonamiz», — deyiladi murojaatda.

 

Murojaat ostiga O‘zbekiston Qahramoni Do‘stmurod Abdullayev, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi Hasan Normurodov, shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xosiyat Bobomurodova, jurnalist, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi Farmon Toshev, akademik Diamat Abdukarimov, mehnat faxriysi, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi Barot Nodirov, rassom, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nuriddin Kalonov, viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov, O‘zbekiston xalq artisti Mardon Mavlonov, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi Umida Jo‘rayeva imzo chekishgan.

Top