O‘zbekiston | 14:57 / 17.10.2017
11030
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir o‘rinbosari va Markaziy bank raisi AQShda uchrashuvlar o‘tkazdi

Foto: Uzdaily

Jahon banki Guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasi Boshqaruvchilar kengashlari yillik sessiyalarida ishtirok etish doirasida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovdan iborat delegatsiya Koreya Respublikasi va Shveytsariya delegatsiyalarining vakillari bilan uchrashdi.

Koreya Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Kim Dong-Yon bilan uchrashuvda savdo-sotiq, investitsiyalar va moliyaviy-texnik sohalarda O‘zbekiston-Janubiy Koreya aloqalarini yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi, deb xabar berdi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

Hozirda Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda neft-gaz, neft-kimyo va kimyo, tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, elektrotexnika va to‘qimachilik sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, transport va logistika, turizm sohalarida ustuvor investitsiya dasturlari va loyihalari ishlab chiqilmoqda hamda amalga oshirilmoqda.

1992 yilgi Savdo bitimiga muvofiq, mamlakatlar o‘rtasida qulaylik yaratish rejimi o‘rnatildi. Koreya Respublikasi O‘zbekistonning savdo-sotiq sheriklari orasida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yetakchi o‘rinni egallaydi. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan Janubiy Koreya sarmoyasining hajmi 7 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etdi.

Shveytsariyaning iqtisodiyot bo‘yicha federal kansleri Yoxan Shneyder-Amman bilan muzokaralarda O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamda moliyaviy sohalarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Jahon bankining Shveytsariya guruhi doirasida kelgusidagi o‘zaro aloqalar masalalari ko‘rib chiqildi va kelishib olindi.

Yoxan Shneyder-Amman O‘zbekistonga tashrif buyurib, o‘zbekistonlik sheriklar bilan uchrashuvlar o‘tkazish va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish rejalari borligini ma'lum qildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Shveytsariya bilan birgalikda 2017 yil iyun oyida Tsyurixda bo‘lib o‘tgan biznes-forumda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida erishilgan qator kelishuvlarni amalga oshirmoqda. Shveytsariya kapitali ishtirokidagi sarmoyaviy loyihalar farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika va boshqa sohalarda amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid