O‘zbekiston | 09:12 / 18.10.2017
9976
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir o‘rinbosari va Markaziy bank raisi JB hamda XVJ vakillari bilan uchrashdi

Foto: mfa.uz

Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) guruhlari Boshqaruvchilar kengashlarining yillik yig‘ilishlarida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovdan iborat delegatsiya Vashingtonda ushbu tashkilotlarning yuqori darajadagi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining ijrochi direktori Xinam Choy bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston bilan jamg‘arma o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

XVF ijrochi direktori O‘zbekiston Respublikasiga texnik ko‘maklashish dasturlarini kengaytirish, pul-kredit siyosatini samarali amalga oshirish, davlat statistikasi sohasidagi mexanizmlarni takomillashtirish va valyuta bozorini liberallashtirishda soliq solish bazasini diversifikatsiya qilish bo‘yicha maslahatlar va tavsiyalar berishga tayyorligini bildirdi.

XVJ taqsimlovchi direktorining o‘rinbosari Tao Chjan uchrashuvda Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi respublika iqtisodiyoti yuqori o‘sish sur'atlarini ta'minlash va xalqning turmush darajasini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston bilan hamkorlikni chuqurlashtirish niyatida ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Foto: mfa.uz

Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasining (XMK) davlat-xususiy sektor hamkorligi masalalari bo‘yicha global rahbari Emmanuel Nyirikindi boshchiligidagi vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston bilan ushbu tashkilot o‘rtasidagi maslahat xizmatlari sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari, quyosh energetikasini rivojlantirish va yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish muhokama qilindi.

Xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda davlat-xususiy sektor hamkorligini kengaytirish, shuningdek, mamlakatda Xalqaro moliya korporatsiyalarining boshqa loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etdilar.

Mavzuga oid