O‘zbekiston | 21:00 / 20.10.2017
17264
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Ozarboyjon gilamlari muzeyi ochildi (fotoreportaj)

Foto: KUN.UZ

Toshkentda joylashgan Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazida "Olovli mamlakat naqshlari" gilamlar muzeyi ochildi. Kun.uz muxbiri ushbu muzeyning ochilish marosimidan maxsus fotoreportaj tayyorladi. 

Madaniy tadbirni markaz direktori Samir Abbosov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U bu yil Baku shahridagi dunyoda yagona Gilam muzeyi tashkil qilinganiga 50 yil bo‘lganini alohida qayd etdi. Samir Abbosovning so‘zlariga ko‘ra, har yili 5 may kuni Ozarboyjonda Milliy gilam kuni nishonlanadi.

«Ozarboyjon – qadimiy va boy madaniyatga ega mamlakatdir. Qadim zamonlardan bu zamin milliy san'atning turli namunalari bilan mashhur bo‘lib kelgan. Ular orasida Ozarboyjon gilamdo‘zligi dunyo san'ati tarixida yorqin sahifaga aylangan. 

Gilamlar – bu Ozarboyjonning «tashrif qog‘ozi»dir. Arxeologik tadqiqotlar shuni isbotlaydiki, bizning eramizgacha gilam mahsulotlari mavjud bo‘lgan. Ozarboyjon gilamdo‘zligi rivojlanishi haqida Gerodot, Klavdiy Elian, Ksenofont va boshqa antik davr tarixchilari yozib qoldirishgan. Bu yerga tashrif buyurgan mehmonlar Ozarboyjon gilamlarining eng sara namunalarini tomosha qilish imkoniga ega bo‘lishadi», dedi Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov.

Yig‘ilganlarga Ozarboyjon gilamchiligiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi. Unda Ozarboyjon gilamchilik maktabi, Bakudagi Gilam muzeyi haqida ma'lumotlar berildi. Shundan so‘ng "Surxon" guruhi va Ozarboyjon madaniyat markazining raqqosa qizlari ishtirokida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. 

Madaniy tadbirning keyingi qismida markaz qoshidagi Gilam muzeyining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarboyjon gilamchiligi namunalari namoyish etildi. Ozarboyjonda gilamchilik maktabi bir necha yo‘nalishlarga ega bo‘lib, ular muayyan belgilarga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. 

Ta'kidlash joizki, Ozarboyjonda muzeylarga e'tibor nihoyatda katta. Bu mamlakatga sayyohlarni jalb qilishda ham katta rol o‘ynaydi.

Mavzuga oid