20:00 / 23.10.2017
6886

Tillerson e'lon qilinmagan tashrif bilan Kobulga keldi

Foto: © RIA Novosti

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson dushanba kuni oldindan e'lon qilmasdan Kobul shahriga tashrif buyurdi va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashdi. Bu haqda AQShning Kobuldagi elchixonasi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Bundan avvalroq Tillerson Pokiston va Hindistonda bo‘lib, ushbu mamlakatlar rahbarlari bilan uchrashgandi.

«Davlat kotibi Tillerson va prezident G‘ani 23 oktabr kuni Kobulda uchrashdi. Tomonlar ikki davlat hukumati ham Afg‘onistonda tinchlik, barqarorlik va farovonlikka erishishdagi majburiyatlarini tasdiqlashdi. Davlat kotibi tasdiqladiki, AQShning Janubiy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi Afg‘onistondagi majburiyatlarini ifodalaydi», — deyilgan elchixona xabarida.

Avgust oyida AQSh prezidenti Donald Tramp Afg‘oniston bo‘yicha yangi strategiya to‘g‘risida ma'lum qilgandi. U o‘z chiqishi chog‘ida Pokistonga tahdid qilgan, bu mamlakat o‘z hududida terrorchilarni yashirishda davom etsa, «ko‘p narsa yo‘qotishi» haqida aytgandi. Tramp shuningdek, AQSh Afg‘onistondagi vaziyat yaxshilanishi uchun Hindiston bilan strategik hamkorlikni rivojlantirmoqchi ekanini aytib, bunda Hindistonning yordami ulkan bo‘lishini e'tirof etgandi.

Mavzuga oid
Top