Jahon | 15:20 / 24.10.2017
120344
5 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimovdan Barak Obamagacha. Atamboyev prezidentlik davrida kimlar bilan ziddiyatga borgan?

Qirg‘izistonning Kaktus.media nashri mamlakat sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev faoliyatiga oid qiziq ma'lumotlarni to‘pladi. «Bir emas, ikki emas, undan ko‘p bora Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti diplomatik ixtiloflar markazida qolavergan», deb yozadi sayt. Quyida Atamboyevning kimlar bilan diplomatik ziddiyatlarga borgani keltirib o‘tilgan.

O‘zbekiston

Kaktus.media'ning yozishicha, O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov va qirg‘iz siyosatchisi orasidagi munosabatlar unchalik yaqin bo‘lmagan.

Bundan tashqari, Almazbek Atamboyevning ochiq tanqidlari, mamlakat rahbari shaxsiga yo‘naltirilgan murojaatlari salbiy oqibatlarga olib kelgan. Gap shundaki, 2014 yil Qirg‘izistonning janubiy viloyatlari O‘zbekiston tomonidan yetkazib beriladigan gaz yoqilg‘isidan mahrum bo‘lgandi. Ammo, O‘zbekiston Respublikasida yangi prezident, Shavkat Mirziyoyev rahbar etib saylanganda, Almazbek Atambayev unga nisbatan iliq munosabatda ekanini yashirib o‘tirmadi.

Qozog‘iston

Foto: INFO

Mamlakatda saylov kampaniyasi boshlanishidan to yakunlanguniga qadar Almazbek Atamboyev qozog‘istonlik siyosatchilarni, xususan prezident Nursulton Nazarboyevni keskin tanqid qilishdan o‘zini tiyib tura olmadi. Ammo 18 oktabr kuni o‘z harakatlariga izoh bera turib, u so‘zlariga o‘zi ham shubha qilib qolganini aytadi.

«Balki, men ana shunda xato so‘zlagandirman. Shu kunlarda o‘ylab qoldim, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev shaxsiga nisbatan juda ehtiros bilan murojaat qildim», dedi u. Aytib o‘tish joizki, bu Qozog‘iston bilan yuz berayotgan birinchi emas, balki to‘rtinchi diplomatik tortishuv edi.

AQSh

2015 yilning yozida AQSh Davlat departamenti qirg‘izistonlik inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovni mukofotlashi ayon bo‘ldi. Bu esa qirg‘iz elitasida sarosimani paydo qilib, TIV rasmiy norozilik notasini yuborishga ham ulgurdi. Shuningdek, prezident Almazbek Atamboyev «bu ishlarning barchasi millatlararo urushni keltirib chiqarish uchun navbatdagi urinish», deya AQShning faoliyatini qattiq qoraladi. Oradan bir muddat o‘tib, Time gazetasiga intervyu bergan prezident AQSh yetakchisi Barak Obamani tanqid qilishni boshladi.

Foto: Kaktus.media

«Men Obamani qattiq hurmat qilardim, ammo AQSh Davlat departamenti va hukumati olib borayotgan xatti-harakatlar menga yoqmayapti. Masalan, O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimov mintaqada mojaro kelib chiqishi mumkinligini aytganda, AQSh ularga 328ta harbiy piyoda mashinasini yetkazib berdi», deb aytgandi u.

Belarus

2015 yil boshida Belarus poytaxti Minsk shahrida qirg‘iz millatiga mansub jinoyat olamida avtoritet sifatida e'tirof etilgan Almanbet Anapiyev o‘ldirib ketildi. Qotillikni uyushtirganlikda Janish Bakiyev (uning akasi Kurmanbek Bakiyev davrida Janish Davlat xavfsizligi xizmatini boshqargan) va Bakiyevlar oilasining boshqa ikki do‘sti - Oybek Abdurazoqov va Rustam Saydullayev asosiy gumondor sifatida e'lon qilingan.

Kurmanbek Bakiyev va Janish Bakiyev / Sputnik

Oradan bir necha kun o‘tib, Qirg‘iziston prezidenti tanqidiy nutq bilan chiqish qildi.

«Bakiyevlarning naqadar jirkanch oila ekanini bilish uchun bu kammi? Belarus esa ularni xalqaro konvensiya talablariga xilof ravishda saqlab kelmoqda. Buning ustiga milliy pasport berib qo‘ygan, davlat mukofotlari bilan taqdirlaydi», degandi Almazbek Atamboyev.

Turkiya

Foto: president.kg

2016 yil iyul oyida Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lib o‘tdi. Turkiya TIV bu harakatlarda Fatxulloh Gullenning qo‘li borligini ma'lum qilib, uning tarafdorlariga nisbatan chora ko‘rish uchun AQSh va Qirg‘iziston TIVga rasmiy murojaatnoma yubordi. Shuningdek, Turkiya xat almashinuvlarida Qirg‘izistonga moliyaviy ko‘mak berib kelayotganiga ishora qilib, o‘z talabini yo‘llagan.

«Bizdan aqlli ekan, lekin, nega davlat to‘ntarishi yuz berishini sezmay qolishdi? Albatta, yordam bergani uchun rahmat aytamiz, ammo shart va talablarni buning evaziga bajarmaymiz», deb fikr bildirgan Almazbek Atamboyev. Turkiya mahalliy nashrlarida bu nutq ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid