Jamiyat | 10:30 / 24.10.2017
19118
3 daqiqa o‘qiladi

Yerto‘lada yashirin faoliyat bilan shug‘ullangan jinoiy guruh ushlandi 

Foto: Fotolia

Marg‘ilonlik B.Azimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hamtovoqlari bilan Marg‘ilondagi “Xudoyberdi hoji non” MChJga qarashli bino yerto‘lasini ijaraga oldi. Ijara haqini oyiga 800 ming so‘mga shartlashadi. So‘ngra, bino yerto‘lasiga qo‘lbola moyjuvoz o‘rnatib, “ish”ga kirishadi. Sanitariya qoidalari va boshqa qator me'yorlar unutiladi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Tez orada jinoiy guruh a'zolari vazifalarni ham bo‘lishib oladilar. Masalan, B.Azimov ish boshqaruvchi – “Bosh direktor”, D.Xolboyev chigit bilan ta'minlovchi, V.Solixov chigitni yetkazib beruvchi, L.Po‘latov qorovul, I.Xalimov, T.Mingboyev va I.Qosimov esa ishchi bo‘lib faoliyat yuritishadi.

Xullas, qo‘lbola usulda paxta yog‘i ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yashirin sexning insonlar salomatligiga xavf tug‘diradigan mahsulotlariga xaridor ham topilib, yaxshigina daromad keltiradi. B.Azimov boshchiligidagi hamtovoqlar paxta yog‘ining bir kilosini 6 ming so‘mdan, kunjarani esa 1 ming 100 so‘mdan pullashadi.

Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, “tadbirkorlar”ning xufiyona ishlab chiqarishi uzoqqa bormadi.

SVOJJDLQK departamentining Marg‘ilon shahar bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda “yashirin sex”ning qonunga xilof ravishdagi faoliyatiga “nuqta” qo‘yildi. Tadbir davomida bino yerto‘lasidan 19 mln. 872 ming so‘mlik chigit, 512 ming 860 so‘mlik kunjara, 410 kg. paxta yog‘i va boshqa buyumlar topilib, ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yildi. 

Mazkur holat yuzasidan B.Azimov va uning hamtovoqlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan ularning qilmishlariga yarasha jazo tayinlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid