O‘zbekiston | 19:30 / 25.10.2017
30327
7 daqiqa o‘qiladi

Qish yaqin: Nishon va Xatirchidan murojaatlar

Tahririyatimizga kelgan xatlar orasidan ikkitasi e'tiborimizni jalb qildi. Insonlar shaxsiy muammosi emas, qishlog‘i, yashab turgan maskani, umuman, birga yashayotgan qishloqdoshlarining ahvoli o‘nglanishi so‘rab murojaat qilishgan. Ulardan biri Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidan bo‘lsa, ikkinchisi Navoiy viloyati Xatirchi tumanidan kelgan.

Umid qilamizki, tumandagi mutasaddilar ushbu xatlarda ko‘rsatilgan muammolarni hal qilishadi.

«Men Baxtiyor To‘rayev, Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida «Nishon» QFY, «Yangi hayot» mahallasida yashayman. KUN.UZ saytini muntazam kuzatib boraman. Jamiyatimizdagi o‘zgarishlar, yechimini topmagan masalalar, huquqlarning poymol bo‘layotgani, ularni ochiq-oydin ko‘rsatib berishlaringiz diqqatga sazovor bo‘lmoqda.

Mahallamiz tashkil topganiga 25 yil bo‘ldi. Deyarli hammasi yangi ro‘zg‘or. Endi-i, o‘zbekmiz xudoga shukr, hammamizda 2-3 nafardan, kamida bir maktabga chiqadigan farzand bor. Mahallamizda 200dan oshiq xo‘jalik istiqomat qiladi. Bu degani o‘rtacha 500 bola maktabga borishini bildiradi. Lekin mana, kuzning quyoshli kunlari o‘tib bormoqda, yaqinlashayotgan qish va bahorning yog‘in-sochinli kunlarida maktabga borolmasdan qiynalishadi. Boradigani ham bir soat oldin chiqish kerak, o‘shanda kechikmay boradi. Chunki qishning ertalabki qorong‘usida soat 7 yarimda mahalladan chiqishdagi 150 metrcha botqoq va loy yo‘ldan chiqishga 15–20 daqiqa vaqti ketadi, agar yiqilmasa! Loyda sirpanib yiqilsa — ortga qaytish kerak.

Bu mahallaning yonida tuman YPX posti bor va begona, hujjati yuq yoki ortiqcha muammoni xohlamagan haydovchilar yuk mashinasida bizning ko‘chadan aylanma yul sifatida foydalanib, o‘tib ketishadi. Endi tasavvur qiling: tinimsiz yuk mashina loy yo‘ldan yursa nima bo‘lishini! Kamiga asosiy katta yo‘ldan yosh bolalar o‘tishiga qo‘rqadi ko‘pincha ota-onalari o‘tkazib qo‘yadi.

Avtomashinalar xuddi aerodromda bosgandek tez o‘tadi. Buni ham iltimos qilgandik: bitta qanaqadir «bolalar» belgisimi, «piyodalar» belgisimi, zebrami qilib beringlar, deb. Biz necha marta mahalliy hokimlikdan yordam so‘rab og‘zaki iltimos qilganmiz, ammo doimgidek va'da «kelgusi yil qilamiz».

Fevral oyida prezidentimizdan yordam so‘rab portalga xat yozdik, rahmat ular tezda javob qaytarishdi. Shunda barchamizni tuman hokimligiga chaqirishdi, muammo bilan tanishishdi va yozma ravishda javob qaytarishdi: «yozda 1 km yo‘lni rejaga kiritib, ikkita ko‘cha qora asfalt qilib beramiz» deb. Biz har zamonda so‘rab telefonlashib turdik va hamon telefonlashmoqdamiz. Yul quradigan quruvchi bir-ikki tanishlardan so‘rasam, «hali moliyalashtirilmagan», deyishdi, lekin tuman 2017 yilga 6 km yul qurilish uchun pul ajratilgan degandi, bizda yo‘l ham, yo‘l belgisi ham va'da bilan emas amalda qurilishiga yordam bering iltimos».

 

* * *

«Men Malohat Mardonova, Navioy viloyati Xatirchi tumani, Olchinobod aholi punkti, «Qayish» yer mavzesida namunaviy loyiha asosida qurilgan uy-joylardan birining egasi bo‘laman. 2017 yilning fevral oyida bir necha marta gaz ta'minoti masalasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining portaliga murojaat qilgan edim.

Sababi, 2013 yilda «Qishloq qurilish bank» tomonidan 15 yil muddatga 7 foizli ajratilgan ipoteka krediti hisobiga 3 xonali qurilgan uy-joylarning namunaviy loyihasini ko‘rib, havas qilib shu uylardan birini olgandik. Namunaviy loyiha asosida qurilgan uy-joylarda shahar sharoiti yaratilishi kerak edi. Ammo bugungi kunda ushbu uy-joylarda tabiiy gaz tarmog‘i bilan to‘liq ta'minlanishi o‘rniga, noma'lum sabablarga ko‘ra gaz tarmoqdan uzib tashlandi.

Eng hayratlanarlisi, bizning uy-joylarimiz joylashgan massivgacha va massivdan keyin gaz tarmog‘i mavjud! Lekin, negadir gaz tarmog‘idan kelgan xodimlar hech qanaqa tekshiruv ishlarini olib bormasdan, «chekka hudud bo‘lgani uchun gaz tarmog‘idan uzilgan», degan xulosa qilib ketishdi. Vaholanki, bizning uy-joylar markaziy yo‘l yoqasida joylashgan, gaz quvurlari o‘tkazilgan va geografik jihatidan chekka hudud hisoblanmaydi.

Yaqinda bizga portalga murojaatim yuzasidan «G‘ARBGAZTA'MINOT» AKdan javob xati keldi. Unda yozilishicha, bizning massiv Xatirchi tuman hokimligi tomonidan tasdiqlangan jadvaliga asosan tabiiy gaz tanqis hududlar ro‘yxatiga kiritilganligi sababli tabiiy gaz tarmoqdan uzilgan ekan. Agar namunali uy-joylar qurilgan hudud gaz tanqis hududlar ro‘yxatida bo‘lsa, nega bu yerda namunali uylar qurildi? Odamlarni aldab, uylarni sotishdi. «Uyni isitish uchun ko‘mir ishlat», kerak bo‘lsa deyishmoqda. Hozir borib tekshirib ko‘rishingiz mumkin, u yerlarda deyarli hech kim yashamayapti. Puli kuygan xalq, behudaga kredit foizini to‘lab kelmoqda. Agar to‘lamasa, bank tomonidan sudga berilarmish. Shu adolatdanmi?

Tuman hokimi nimaga asoslanib bu hududning gaz tarmog‘ini uzib tashlaydi? Mana 4 yildirki, namunali loyiha asosda qurilgan uyning 7 foizli kreditini to‘lab kelyapmizu, u yerda doimiy yashashga imkonimiz yo‘q.

Hurmatli tahririyat! Sizlar orqali mutasaddilarga yetib borishini istar edikki, ular qimmatli vaqtlarini ayamasdan Xatirchi tumani, Olchinobod aholi punktidagi «Qayish» yer mavzesi manzilda joylashgan, 3 xonadan iborat namunaviy loyiha asosida qurilgan uylarning gaz ta'minotini qayta ko‘rib chiqishsa. Tabiiy gaz muammosini bartaraf etishda bizga amaliy yordam berishingizni iltimos qilib so‘raymiz.

Maoshimning deyarli hammasi shu kredit to‘loviga ketadi. Agar quvur orqali tabiiy gaz berilmasa, u yerda yashash imkoni bo‘lmasa, bank tomonidan bizga berilgan 15 yil muddatga 7 foizli kredit to‘lovini bekor qilishda amaliy yordam so‘rayman».

Mavzuga oid