Jahon | 23:40 / 27.10.2017
79237
10 daqiqa o‘qiladi

Asr siri. AQSh Kennedining o‘ldirilishiga oid qanday maxfiy hujjatlarni oshkor etdi?

Reuters / Scanpix / LETA

Amerika hukumati prezident Jon Kennedining o‘ldirilishiga oid maxfiy hujjatlarni oshkor etdi.

AQSh milliy arxivida mamlakatning 35-prezidenti bo‘lgan Jon Kennedining o‘ldirilishiga oida 3 mingga yaqin hujjat maxfiy saqlanib kelinayotgandi. Ammo oshkor etilishi «AQSh xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi» tufayli ayrim hujjatlar maxfiyligicha qoldi.

Yigirmanchi asrning eng shov-shuvli qotilligi

AQShning 35-prezidenti Jon Fitsdjyerald Kennedi 1963 yilning 22 noyabrida Dallasda otib o‘ldirildi. Bu vaqtida Kennedi o‘z rafiqasi Jaklin va Texas gubernatori Jon Konnalli bilan kabrioletda ketayotgandi.

Prezident mergan vintovkadan otgan o‘q boshiga tegishi oqibatida jon berdi. Uning yonida o‘tirgan gubernator yaralandi, lekin omon qoldi. Biroz vaqt o‘tgach politsiyachi Jyey-Di Tippit ham halok bo‘ldi.

Prezidentga suiqasd qilgan shaxs - Li Harvi Osvld yo‘l chetidagi binoning oltinchi qavatida joylashgandi. U qotillikni sodir etgach, ko‘p o‘tmasdan pastga tushib keldi. U qo‘lga olindi, 12 soat ichida unga Kennedi va Tippitning qotilligi yuzasidan ayblov qo‘yildi. U o‘z aybiga iqror bo‘ldi.

Li Harvi Osvald / Getty

Voqeadan ikki kun o‘tib, 24 noyabr kuni Osvaldni politsiya mahkamasidan Dallas qamoqxonasiga olib o‘tishadi. Ammo Dallasdagi tungi klub xo‘jayini Jyek Rubi uni yo‘lda otib tashlaydi. Osvaldning ko‘chirilishi televideniyeda namoyish etilayotgandi, uning o‘limiga millionlab tomoshabinlar guvoh bo‘lishadi.

Foto: AP

Rubi Osvaldni o‘ldirishiga ikki izoh keltirdi: prezident uchun qasos olish va Jaklin Kennedini sud ovoragarchiliklaridan xalos etish. Unga qotillik aybi qo‘yildi va qatlga mahkum etildi. U hukmga e'tiroz bildirdi, ammo apellyatsiya jarayoni boshlanishidan avvalroq, 1967 yilda saratondan vafot etdi.

Oliy sud raisi Erl Uorren boshchiligidagi maxsus komissiya Kennedining o‘ldirilishi yolg‘iz harakat qilgan Osvald tomonidan sodir etilgan, degan xulosaga keldi. U uch marta o‘q uzgan, birinchi o‘q Kennedining badaniga, ikkinchi o‘q gubernatorga, uchinchi o‘q prezidentning boshiga tekkan.

10 oylik ishlardan keyin Uorren shunday xulosa berdi: Kennediga maktab binosining oltinchi qavatidan turib o‘q uzilgan, miltiq Li Harvi Osvaldda bo‘lgan. Ammo Osvald va Jyek Rubi bir-birini taniganiga dalil topilmadi.

Hisobotda 1959-1962 yillarda Osvald Minskdagi radiozavodda ishlagani aytiladi. 1961 yilda u sovetlarga mansub Marina Prusakovaga uylanadi. Ularning oilasida qiz farzand tug‘iladi. Osvaldning maxsus xizmatlar bilan aloqalari haqida ham ma'lumot topilmadi.

Komissiya xulosalari tanqidga uchradi. Ammo Kennedining o‘limi bo‘yicha boshqa versiya ham yo‘q edi. Amerikaliklarning 60 foizi Kennedining o‘limi siri ochilmagan deb hisoblashardi, Osvald bu qotillikka aloqador emasligi haqida tom-tom yozildi.
 

Tramp so‘zida turdi

Oktyabr oyi oxirida Kennedining o‘ldirilishi haqidagi hujjatlar maxfiyligining 25 yillik muddati yakunlandi.

AQSh prezidenti Donald Tramp va'dasini bajardi: marhum prezident Jon Kennedining o‘ldirilishiga oid o‘tkazilgan tergov bayonoti - 2,800 sahifadan iborat hujjatlar to‘plami ommaga e'lon qilindi.

Tramp jamiyat Kennedining o‘ldirilishi haqida batafsil ma'lumotga ega bo‘lishga haqli ekanini aytgan. Shu bilan birga Tramp milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan tegishli idoralarga hujjatlar matnining ba'zi joylarini o‘zgartirishga ruxsat berishdan boshqa iloji yo‘qligini ta'kidlab o‘tdi.

Milliy arxiv bazasida 50 yildan ortiq vaqt davomida saqlangan hujjatlar matni payshanba kuni oqshomida internet tarmog‘iga joylashtirildi. E'lon qilingan hujjatlarning hech qaysi so‘zi umumiy ishni o‘rganishga foyda bermaydi yoxud qotillik sirini ochishga putur yetkazmaydi.

Unda ko‘proq Kennedining qotili Li Harvi Osvaldni bu ishga qo‘l urishga nima undagani haqida so‘z boradi. Shuningdek, FQB tergovchilari Osvaldning harakatlariga qanday baho bergani, sobiq Sovet razvedkachilari bu ishga aralashib qolgani to‘g‘risidagi gumonlar o‘rganilgan.

Osvald Jyek Rubi tomonidan o‘ldirilganida, bu voqea butun tergov jarayonini shubha ostida qoldirgan. Kennedini o‘ldirishda ayblanib turgan asosiy jinoyatchini Dallas politsiyasi o‘z paytida saqlab tura olmadi. 

Hujjatlarda nima yashiringan?

Qayd etish kerakki, hujjatlar federal amaldor tomonidan federal amaldor uchun tayyorlangan. Unda ko‘p jargonlar, tushunarsiz iboralar uchraydi. Hatto gap muhim faktlar to‘g‘risida ketayotgan bo‘lsada.

«Ishning oyog‘i osmondan kelishini kim o‘ylabdi. Bunda 3 yoki 4 otishma aniqlangach», dedi CNN telekanali efirida Gerald Pozner («Ish yopilgan: Li Harvi Osvald va JFK qotilligi» nomli kitob muallifi).

Hujjatlarning katta qismi - sirli aksilkommunistik loyihalar va Lotin Amerikasiga qurol yetkazib berish bo‘yicha moliyaviy hisobotlardan iborat.

Hujjatlardan birida (Faktlar jamlanmasi) MRB tomonidan bir necha xorij davlatlari rahbarlarini yo‘q qilish haqida gapirilgan.

«Komissiya MRB agentlari Kuba rahbari Fidel Kastroga suiqasd qilish uchun jalb etilgani haqida ma'lumotga ega bo‘lgan...», deyilgan unda.

Bundan tashqari, MRB Kubadan Dominikan Respublikasiga qurol yetkazib berilishiga aloqador bo‘lgan. Bundan maqsad «generalissimus Truxiloni yo‘q qilish» edi.

Hujjatda kongoliklar yetakchisi Patris Lulumbu va Indoneziya prezidenti Sukarnoga suiqasd haqida gap boradi.

Shuningdek, KGB mayori, AQShga qochib o‘tgan Yuriy Nosenkoning javoblari keltirilgan proktokol bor. U Osvaldning SSSRdagi hayoti haqida gapirib bergan. Uning aytishicha, KGB amerikalik bu shaxsga u SSSRdan ketishga qaror qilganida e'tibor qaratgan.

Hujjatlardan birida MRBning Sovet Ittifoqi hududidagi josusidan iqtibos keltirilgan.

«Prezident Kennediga uyushtirilgan suiqasd sovet kishilarini larzaga soldi. Ular shok holatiga tushishdi va cherkovlarda prezident Kennedining xotirasi yod qilindi», deyilgan hujjatda.

Sovet hukumati Kennedining o‘ldirilishi AQShdagi o‘ng kuchlar tomonidan puxta ishlab chiqilgan reja bo‘lgani iddao qilingan. Manbada SSSR Osvaldni «ruhiy manyak, na o‘z davlatiga va na boshqa davlatga kerak bo‘lgan shaxs» deya tarif qilingan.

Osvald qotillikdan bir necha hafta avval Meksikaga 6 kunlik safar uyushtirgani ma'lum edi. Hujjatlarning asosiy qismi avvaldan MRBning mahalliy bo‘limlari tomonidan maxfiylashtirilgandi va boshqa tafsilotlar ma'lum emasdi.

Ammo endi ochiqlangan fayllardan shu ma'lum bo‘ldiki, Osvald safar vaqtida SSSR hamda Kuba elchixonalari bilan aloqa o‘rnatgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, u prezidentga suiqasd haqida ochiq gapirgan.

Hujjatlarning e'lon qilingan yangi qismida SSSRning Mexikodagi elchixonasi bilan telefon aloqasi 1 oktabr kuni tutilgani haqida aytiladi. Bu kundan 3 kun muqaddam elchixonaga Osvald kelgandi.

Telefon qiluvchi o‘zini tanishtirmagan va rus tilida buzib gapirgan. U «Vashingtonga telegramma bo‘yicha yangilik» so‘ragan. Navbatchi esa so‘rov yuborilgani, ammo javob kelmagani haqida aytgan.

Hujjatlarda konsul Kostikov «KGB zobiti» sifatida keltirilgan. Uni «sabotaj va suiqasd uchun javob beruvchi», 13-bo‘lim xodimi deya atashgan. 

Ammo FQB katta tergovchisining xulosasiga ko‘ra, rus ayg‘oqchisi (Valeriy Kostikov) hech qachon elchixonada turib, AQSh fuqarosining prezidentga suiqasd qilish borasidagi rejalarini muhokama etmagan bo‘lardi.

Ochiqlangan materiallarda FQB Osvaldni qotillikdan avvalroq kuzata boshlagani, ammo ular izni yo‘qotishgani aytiladi.

«Prezident Jonson (Kennedidan keyin AQSh prezidentligiga saylangan shaxs - tahr.) ko‘p bor Kennedining o‘limida uning o‘zi aybdor ekanini takrorlagan. Uning aytishicha, Jon Vetnam rahnamosi Diyemning o‘ldirilishini boshqarib turgan. Vetnam razvedkasi buning uchun munosib javob berdi», deb xotirasini yozgan o‘sha payt MRB boshqargan Richard Helms.

Hujjatlar orasida, Kennedining prezidentlik davrida vitse-prezident lavozimini egallagan Lindon Jonson siyosiy faoliyatining ilk yillarida Jon o‘ldirilgan Texas shtatidagi Ku-Kluks-Klan a'zosi bo‘lgani aytiladi.

Hujjatlar bilan deyarli bir sutka tinimsiz ishlagan Washington Post nashri jamoasi uning mustaqil tergov jarayoniga foyda bermasligini taxmin qilmoqda.

Qarshiyev Aziz

Mavzuga oid