Jahon | 00:48 / 02.11.2017
39724
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp qarshi. Grin-karta taqdiri nima bo‘ladi?

Foto:washingtonexaminer.com

AQSh prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkdagi teraktdan keyin grin-karta lotereyalarini bekor qilish bo‘yicha kongress bilan ishlashini aytdi.

"Men bugun viza diversifikatsiyasi dasturini (grin-karta) bekor qilish jarayonini boshlayman. Men buni anchadan beri qilmoqchi edim va biz kongressdan bu ustida zudlik bilan ish boshlashni so‘raymiz. Biz bu lotereya dasturidan iloji boricha tezroq qutulishimiz kerak", deb aytgan Tramp jurnalistlarga.

Avvalroq Tramp terakt ijrochisi AQShga grin-karta lotereyasini yutib kelgan o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov bo‘lganini aytgan.

Trampning qo‘shimcha qilishicha, gumonlanuvchi AQShga yana bir necha kishini chaqirtirgan bo‘lishi va ularning soni 23 nafargacha yetishini ma'lum qilgan. Dastur AQShga doimiy kelgan shaxs o‘z qarindoshlarini ham olib kelishini ko‘zda tutadi.

"Biz bu zanjirli immigratsiyadan qutulishimiz kerak", deb aytgan Tramp.

Diversity Visa dasturi 1990 yildan beri o‘tkazib kelinadi va unga ko‘ra har yili 50 ming muhojir AQShda doimiy yashash uchun tanlab olinadi. Vizani olish uchun muayyan ta'lim darajasiga ega bo‘lish va ingliz tilini bilish hamda "davlat bo‘ynida o‘tirish" istagi yo‘qligini isbotlash kerak.

Lotereyada AQShga yiliga 50 mingdan ko‘proq fuqarosi keladigan davlatlar ishtirok eta olmaydi. Ular orasida Bangladesh, Braziliya, Buyuk Britaniya, Vetnam, Gaiti, Dominikan respublikasi, Hindiston, Kanada, Xitoy, Kolumbiya, Janubiy Koreya, Meksika, Nigeriya, Pokiston, Salvador, Filippin, Ekvador va Yamayka bor.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid