Riteyldagi kompaniyalar rahbarlarining aksariyati o‘z faoliyatini merchandayzer sifatida boshlagan. Pablo Isla esa boshqa yo‘ldan borgan: 2005 yilda Inditex boshqaruvi tepasiga kelishdan avval u yuridik ta'lim olgan va bankda ishlagan. Inditex — Ispaniya kompaniyasi, kiyim savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar tarmog‘i egasi. Uning to‘liq nomi — Industria de Diseño Textil Sociedad Anónima. Kompaniya shtab-kvartirasi Ispaniyaning Arteyxo shahrida joylashgan. Ko‘p riteyllar elektron kommersiyadan aziyat chekkan bir paytda Inditex global ekspansiya o‘tkazgan: bugun uning sakkiz brendi - Zara, Oysho, Massimo Dutti, Bershka, Pull and Bear, Zara Home, Stradivarius va Uterque - 93 mamlakatda 7300 do‘konga egalik qiladi. Isla HBR nashriga o‘z kompaniyasining raqiblardan nimasi bilan ajralib turishi haqida so‘zlab berdi.
HBR: Siz boshqaruvga norasmiy yondashuv va yig‘ilishlarni yoqtirmasligingiz bilan mashhursiz. Bularni chetlab o‘tishga qanday muvaffaq bo‘lasiz?
Isla: Bizda yassi tuzilma bo‘lib, rasmiyatchilikka hojat yo‘q. Aslini olganda, bizda hatto boshqaruv qo‘mitasi ham yo‘q. Muhokamalardan so‘ng odamlarning o‘zi qaror qabul qilishga haqli. Biz jamoaviy faoliyatga urg‘u beramiz va xodimlarimizning "yulduzlik kasali"ga chalinishiga yo‘l qo‘ymaymiz. O‘tgan yili 25 ming xodim (160 mingdan) o‘z lavozimida yuqoriladi: bu tadbirkorlik madaniyatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ekspertlar Zara'ni "tezkor moda" kompaniyasi, Shvetsiyaning H&M kompaniyasi va Yaponiyaning Uniqlo brendi raqibi deb hisoblaydi. Siz bunday taqqoslashga qanday qaraysiz?
Yorliqlarni yoqtirmayman. Bizning biznes-modelimiz o‘ziga xos: biz hatto bir mavsum doirasidagi o‘zgarishlarga ham moslashamiz. Biz "yaqin yetkazib beruvchi" tizimini qo‘llaymiz: tovarlarning aksariyati Ispaniya, Portugaliya va Marokashda ishlab chiqariladi va biz ularni darhol yetkazib beramiz. Dizaynga ko‘p e'tibor qaratamiz: mijozlar nima xohlayotganini tushunish va ularga dizayn-ishlab chiqarish-logistikani o‘z ichiga olgan tizim orqali mahsulotni yetkazish muhim. Tovarlar haftada ikki marta do‘konlarga kelib tushadi. Biz texnologiyalar va algoritmlar yordamida yetkaziladigan mahsulotlarni tanlaymiz, biroq do‘kon direktori ham buyurtmaga o‘zgarish kiritish huquqiga ega, u ham brend sohibi. Bu inson qiyofasidagi texnik taraqqiyot.















