The Guardian nashrining xabar berishicha, ispan kompaniyasidagi bunday o‘zgarishlar koronavirus pandemiyasi vaqtida onlayn-savdolar o‘sgani bilan bog‘langan. Qisqartirishlar Zara, Bershka, Pull & Bear va Massimo Dutti kabi brendlarning eskiroq do‘konlarini qamrab oladi.
Kompaniya aksariyat Osiyo va Yevropadagi do‘konlarini yopishni rejalashtirmoqda. Shundan keyin do‘konlar soni 6700-6900 tagacha kamayadi. Shu bilan birga kompaniya 450 ta yangi do‘kon ochishni rejalashtirmoqda. O‘zgarishlar xodimlar soniga ta'sir qilmaydi. Yopilgan do‘konlar xodimlariga boshqa ish taklif etiladi, misol uchun, ular onlayn-xaridlarga o‘tkaziladi.
Kompaniyaning onlayn-savdolari chorak bo‘yicha 50 foizga va aprelda 95 foizga o‘sdi. Biroq shunga qaramay, Inditex pandemiya vaqtida zarar ko‘rdi. 1 fevraldan 30 aprelgacha kompaniya savdolari 44 foizga – 3,3 mlrd yevrogacha tushib ketdi. Riteylerning ma'lum qilishicha, chorak bo‘yicha sof zarar 409 mln yevroni tashkil qilgan. Kompaniya do‘konlarining chorak qismi 8 iyungacha yopiq qolgan. Milliarder Amansio Ortega kompaniyasi 2022 yilgacha onlayn-savdoni rivojlantirishga 1 mlrd yevro va do‘konlar saytlar bilan yaxshiroq uyg‘unlashishi uchun yana 1,7 mlrd yevro sarflashni rejalashtirmoqda.











