Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eldor Mannopov Kanadaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli etib tayinlandi
Dentons’ning Toshkentdagi ofisi boshqaruvchi sherigi Eldor Mannopov Kanadaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli etib tayinlandi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
«Men Kanada general gubernatori buyrug‘i va O‘zbekiston hukumati roziligi bilan janob Eldor Mannopov O‘zbekiston Respublikasida Kanadaning faxriy konsuli etib tayinlangani haqida xabar berishdan mamnunman. Ko‘pchiligingiz janob Mannopovni taniqli korporativ yurist sifatida bilasiz, hozirda u Dentons’ning Toshkentdagi ofisiga boshqaruvchi sherik sifatida rahbarlik qilmoqda. Biz Kanadaning Toshkentdagi yangi konsulligini janob Mannopov rahbarligida ochganimizdan faxrlanamiz», - deya aytib o‘tdi Kanadaning O‘zbekistondagi elchisi Jon Kyor.
Mannopov faxriy konsul sifatidagi birinchi rasmiy vazifalari doirasida Kanadaning Tashqi ishlar, savdo va rivojlanish vazirligi Sharqiy Yevropa hamda Yevroosiyo masalalari bo‘yicha Byurosi bosh direktori Elison LyoKler boshchiligidagi delegatsiyasi tarkibida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan tashkil etilgan uchrashuvda ishtirok etdi.
Kanada delegatsiyasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi parlamenti, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va Tashqi ishlar vazirligining vakillari bilan uchrashdi. Tomonlar BMT va boshqa hukumatlararo tashkilotlar doirasida o‘zaro aloqalar, siyosiy, savdo, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish istiqbollarini muhokama qilishdi. Tomonlar o‘zaro manfaatli savdo va investitsiyalarni kengaytirish uchun salmoqli salohiyatni qayd etdilar.
Eldor Mannopov tijorat va qurilish huquqi bo‘yicha yetakchi mutaxassislardan sanaladi. Shuningdek, u xalqaro savdo, arbitraj, qo‘shilish va sotib olish, soliq huquqi, sud bahslariga ham ixtisoslashgan. Eldor Xitoy va Osiyoning boshqa mamlakatlaridan bo‘lgan mijozlar bilan ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega. Yuridik amaliyotdan tashqari, u Toshkentdagi Vestminster xalqaro universitetining yuridik fakulteti katta o‘qituvchisi va ilmiy rahbaridir.
Mavzuga oid
07:43 / 13.06.2026
Kanada JCh tarixidagi ilk ochkosini qo‘lga kiritdi
16:40 / 12.06.2026
Mundial tanishtiruvi. B guruhi haqida nimalarni bilish kerak?
14:14 / 12.06.2026
Kanada ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
22:32 / 09.06.2026