O‘zbekiston | 14:45 / 07.11.2017
22076
2 daqiqa o‘qiladi

Bu safar noyabrda. Toshkentda isitish mavsumi avvalgi yillardagidan kech boshlanmoqda

Foto: «Zelyoniy gorod»

Toshkent shahrida isitish mavsumi 10 noyabrdan boshlanadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

7 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi «Toshkent shahrida 2017—2018 yilgi isitish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va issiqlik energiyasi bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi 1494-sonli qarorga imzo chekdi.

Ushbu qarorga ko‘ra, «Toshkent issiqlik elektr markazi» AJ, «Toshkent issiqlik markazi» DUK, «Toshissiqquvvati» DUKga markazlashgan issiqlik tizimining barcha qismlarini tekshirish imkoniyatini ta'minlash uchun 9 noyabrdan Toshkent shahar issiqlik manbalaridan issiqlik muhitining aylanma harakatini ishga tushirish vazifasi topshirildi.

Qarorda issiqlik ta'minoti, ijtimoiy soha obektlari rahbarlari tomonidan poytaxtda isitish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun tuman hokimliklari nazorati ostida 10 noyabrdan boshlab ijtimoiy soha obektlari (ta'lim va tibbiyot muassasalari)da, sinov tariqasida, turar-joy binolari 12 noyabrdan muntazam isitishga kirishishni tashkil etish topshirilgan.

Shuningdek, «Toshkent issiqlik elektr markazi» AJ, «Toshkent issiqlik markazi» DUK, «Toshissiqquvvati» DUKga Toshkent shahrida 2017—2018 yilgi isitish mavsumi davrida uzluksiz tabiiy gaz, suv ta'minoti va elektr energiyasini yetkazib berish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilda Toshkent shahrida isitish mavsumi 19 oktabrdan 2015 yilda esa 22 oktabrdan boshlangandi.

Mavzuga oid