O‘zbekiston | 00:40 / 08.11.2017
8428
4 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni Qirolligi delegatsiyasi bilan uchrashuvlar tafsilotlari

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston parlamentlararo do‘stlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ahmad bin Muhammad al-Homidiy boshchiligidagi delegatsiya qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida o‘tgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston Saudiya Arabistoni Qirolligi bilan o‘zaro munosabatlarni barcha sohalarda, jumladan, parlamentlararo hamkorlik yo‘nalishida ham rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani ta'kidlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 21 may kuni Saudiya Arabistoniga tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muloqotni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochib bergani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida o‘tgan uchrashuvda mehmonlarga Harakatlar strategiyasi asosida O‘zbekistonda yangilangan ichki va tashqi siyosat olib borilayotgani, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, uning xalq bilan yaqinligini ta'minlash, parlamentning ijro hokimiyati ustidan nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Tadbirda parlamentlararo aloqalarning bugungi holati va ularni mustahkamlash, jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida ham fikr almashildi.

Tomonlar parlament delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Saudiya Arabistoni Qirolligi parlament delegatsiyasi a'zolari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rahbariyati bilan ham uchrashdi.

Suhbat davomida O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy-ma'naviy muhitni barqarorlashtirish borasidagi izchil ishlar to‘g‘risida ma'lumot berildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi buyuk ajdodlarimizning noyob merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, ular bilan xalqimiz va jahon jamoatchiligini tanishtirish, dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini targ‘ib etish, yosh avlodni umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilishi ta'kidlandi.

– O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalarning hadis va kalom ilmi, tibbiyot, falakiyot, tarix, matematika kabi fanlar rivojiga qo‘shgan hissasi Saudiya Arabistonida yuksak qadrlanadi, – dedi Ahmad bin Muhammad al-Homidiy. – O‘zbekistonga tashrifimiz davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtingizda iqtisodiyot, parlamentarizm, tashqi siyosat sohalarida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil ma'lumotga ega bo‘ldik. Ayniqsa, O‘zbekistonda islom dinining asl mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bizda katta taassurot uyg‘otdi. Kelgusida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan bu yo‘nalishdagi xamkorlik ko‘p tomonlama munosabatlarga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Uchrashuv yakunida mehmonlar Hazrati Imom majmuasidagi masjid va Usmon mushafi bilan tanishdi.

Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston parlamentlararo do‘stlik qo‘mitasi delegatsiyasi mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida ham uchrashuvlar o‘tkazdi.

Mavzuga oid