O‘zbekiston | 23:16 / 09.11.2017
17299
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatidagi yengil sanoat loyihalari bilan tanishdi

Davlatimiz rahbari 9 noyabrda Samarqand shahridagi sobiq liftsozlik zavodi hududida tashkil etilgan sanoat majmuasida bo‘lib, viloyatda amalga oshirilayotgan yengil sanoat loyihalari bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev viloyatdagi korxonalarida ishlab chiqarilgan yengil sanoat mahsulotlari namunalarini ko‘zdan kechirdi. 

Prezidentimizning shu yil 14-15 aprel kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar asosida 2017-2018 yillarda amalga oshirilishi mo‘ljallangan 19 loyiha bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. 

“Sam Rafoat tekstil”, “8 mart”, “Iman teks”, “Samarqand Yevro Aziya tekstil”, “Amin invest interneyshnl”, “Maroqand sifat” kabi korxonalarda tayyorlanayotgan tikuv-trikotaj mahsulotlari, bo‘yalgan trikotaj mato, kiyim-kechaklar ichki bozordan tashqari eksportga ham yo‘naltirilmoqda. Bu korxonalar salohiyatini oshirish qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini bermoqda. 

Ayni paytda Pastdarg‘om, Samarqand, Bulung‘ur, Oqdaryo tumanlaridagi qator korxonalarda yangi loyihalar ustida ishlar olib borilmoqda. Natijada jinsi mato, jinsidan tayyor kiyim-kechak, yangi turdagi vilvet, mebel gazlamalari, aralash va sintetik matolar ishlab chiqarish hajmi kengayadi. 

Prezidentimiz sohada yaratiladigan har bir ishchi o‘rni muhim ekani, bu korxonalar istiqbolini belgilash va aholini doimiy ish bilan ta'minlashda alohida ahamiyat kasb etishini ta'kidlab o‘tdilar. 

Shu yerda terini qayta ishlash, charm-poyabzal ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma'lumot berildi. 

Davlatimiz rahbari “Ideal Yelektroluks” O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan maishiy texnika jihozlari, “Sino” aksiyadorlik jamiyatida tayyorlanayotgan muzlatkich va sovutkichlarni ko‘zdan kechirib, mahsulotlarni tashqi bozorga yo‘naltirish, eksport imkoniyatlarini oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Mavzuga oid