Jahon | 17:00 / 10.11.2017
20243
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putin bilan uchrashishi mumkin bo‘lgan joylarga kelmadi

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp OTIH (Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi) sammiti doirasida Biznes-maslahat kengashi a'zolari bilan uchrashuvni o‘tkazib yubordi. U bu uchrashuvda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ro‘baru kelishi mumkin edi.

Trampning o‘rniga ushbu uchrashuvda Qo‘shma shtatlar nomidan Robert Laytxayzer qatnashgan.

Uchrashuv "Furama" mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Bu sammit doirasidagi ilk marosim edi.

Tramp sammitning ikkinchi uchrashuviga ham kelmadi. U Danangdagi mehmonxonalardan birida OTIH va ASEAN (Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari  Assotsiatsiyasi) davlatlari vakillari uchrashuvini ham o‘tkazib yubordi.

Vetnamdagi sammit 10-11 noyabr kunlarida o‘tkazilmoqda.

Sammit doirasida AQSh va Rossiya prezidentlari uchrashuvi kutilayotgandi.

Bu uchrashuv haqida dastlab Donald Tramp anons bergandi. U rossiyalik hamkasbi bilan Shimoliy Koreya masalasida gaplashib olmoqchiligini aytgandi.

Keyinroq Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ham bu uchrashuv nazarda tutilayotgani, tomonlar Suriya, Ukraina va Shimoliy Koreya masalasida gaplashishi mumkinligini bildirdi.

Bugun esa Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders AQSh prezidentining tig‘iz grafigi bu uchrashuvga vaqt qoldirmasligi haqida ma'lum qildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid