Sport | 19:00 / 10.11.2017
8264
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston sport kurashlari va dzyudo termasi Tokio Olimpiadasiga yaponiyalik sportchilar bilan birga tayyorgarlik ko‘radi

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

8 noyabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida Yaponiyaning Maidzuru shahri meri Ryozo Tatami boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘ldi. O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarni hisobga olgan holda R. Tatami boshchiligidagi Maidzuru shahri ma'muriyati o‘zbek xalqi bilan tarixiy aloqalarni saqlab qolish, kelajak avlod vakillariga ham ushbu aloqalarni yetkazish va O‘zbekiston bilan yaqin, do‘stona munosabatlarni o‘rnatishda bevosita ishtirok etishga qiziqish bildirgan.

Shu munosabat bilan Maidzuru shahri ma'muriyati Yaponiya hukumatiga murojaat qilib, ularga Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida «Host town» (qabul qiluvchi shahar) rasmiy maqomi berilishini so‘radi. Yapon hukumati ushbu arizani ma'qullab, 2016 yilning iyunida Maidzuru shahrini «Host town» sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

«Host town» dasturi doirasida Maidzuru shahri O‘zbekiston sportchilarini 2020 yilgi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari uchun, ularga tashkiliy-texnik masalalarda barcha zarur sharoitlarni yaratish, ayniqsa dzyudo va sport kurashlari bo‘yicha turli o‘rtoqlik turnirlari, qo‘shma o‘quv mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, bu hamkorlik ta'lim, madaniyat, turizm va iqtisodiy sohalarga ham taalluqli bo‘ladi.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Shu bilan birgalikda «Host Town» dasturi doirasida Maidzuru shahar meriyasi o‘zbekistonlik sportchilarni o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va qo‘shma turnirlarini Yaponiyada o‘tkazishi uchun sarflanadigan mablag‘larning ma'lum qismini qoplashni ham taklif etmoqda.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Joriy yilning 4-11 avgust kunlari Maidzuru shahri meriyasining taklifiga binoan O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyaga safar uyushtirgandi. Tashrif davomida  Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Sport kurashlari Assotsiatsiyasi Bosh kotibi Shuhrat Mamadaliyev va O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi vitse-prezidenti Shavkat Mo‘minov Maidzuru shahar meri bilan sport kurashlari va dzyudo bo‘yicha terma jamoamiz a'zolarini XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish masalasida muzokaralar o‘tkazib qaytishgandi.

Shuningdek, safar davomida delegatsiyamiz a'zolari Maidzurudagi mavjud sport infratuzilmasi, sport majmualarining foaliyati bilan yaqindan tanishishgandi. Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, Maidzuru shahar delegatsiyasi noyabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishi xaqida kelishuvga erishilgandi.

Toshkentga tashrifi davomida Maidzuru shahri meriyasi o‘zbekistonlik sportchilarni Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rishini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi hamda Sport kurashlari Assotsiatsiyasi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishni maqsad qilgandi.

Mehmonlarning Toshkentga tashrifi doirasida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi va Maidzuru shahar meriyasi o‘rtasida Tokio Olimpiadasida ishtirok etadigan sport kurashlari va dzyudo bo‘yicha terma jamoa a'zolarini musobaqa oldidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini Yaponiyada tashkil etish masalasida muzokaralar o‘tkazildi. Uning yakunlariga ko‘ra ikki tomon o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Uchrashuv yakunida Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Alisher Sultonov va Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.  Qurbonov R. Tatamiga esdalik sovg‘alarini topshirishdi. O‘z navbatida, Maidzuru shahri meri iliq qabul uchun minnatdorchilik izhor etib, kelajakda aloqalarni yanada mustahkamlash, o‘zbekistonlik sportchilarning Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.  

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, Olimpiya o‘yinlari oldidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarining musobaqaga mezbonlik qiluvchi mamlakat hududida o‘tkazilishi sportchilarimiz uchun mahalliy iqlim va sharoitga moslashish, qolaversa sportdagi eng muhim jihatlardan biri sanalgan akllimatizatsiya va adaptatsiya jarayonini ortiqcha qiyinchiliksiz yengib o‘tishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Boz ustiga dzyudochilarimiz uchun sportning ushbu turi vatani hisoblangan mamlakatda mashg‘ulotlar o‘tkazish, dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan polvonlariga qarshi tatamiga chiqib, sparring janglarda ishtirok etish hamyurtlarimiz mahoratining yanada toblanishiga zamin yaratadi.

Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrifi oldidan mehmonlar poytaxtimizdagi dzyudo markazida ham mehmon bo‘lishdi. U yerda mamlakatimizda sportning ushbu turi bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Ma'lumot uchun: 2016 yilning avgust oyidan boshlab Maidzuru shahrida Yaponiyaning siyosiy-jamoat, akademik, madaniy-gumanitar qatlamlari va Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik taraqqiyotiga oid turli taqdimotlar, mamlakatimizning madaniy, tarixiy, turizm salohiyatiga doir ko‘plab marosimlar faol o‘tkazib kelinmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid