Jahon | 22:14 / 11.11.2017
7372
2 daqiqa o‘qiladi

Falastinda Yosir Arofatning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi

Foto:aa.com.tr

Falastinning marhum yetakchisi Yosir Arofatning vafoti kunidan 13 yil o‘tgan bo‘lsa ham, uning qarashlari hanuzgacha Falastin jamiyati va siyosatiga ta'siri kuchli bo‘lib qolmoqda.

Falastinning sobiq rahbari va Falastinni ozod qilish tashkilotining yetakchisi bo‘lgan Arofat 2004 yil 11 noyabrda 75 yoshida Parijdagi “Persi” shifoxonasida vafot etgan.

Joriy hafta davomida falastinliklar Arofatning xotirasini yod etib, turli tadbirlar o‘tkazdilar. Odamlar uning Ramallohdagi qabrini ziyorat qilishgan. 

2002 yildan Isroil xavfsizlik xizmatlari Arofatni Ramallohdagi qarorgohida uy qamog‘ida ushlab turishgan. Ushbu bino ikki yil davomida Isroil armiyasi tomondan qurshovda ushlab turilgan. 

2004 yilda Arofat kasal bo‘lib qolgan va unga “gripp” tashxisi qo‘yilgan. Isroil ruxsati bilan u Parijga davolashga jo‘natilgan va u yerda vafot etgan.

Arofat o‘zini Al-Qudsda dafn etishlarini vasiyat qilgan, biroq bu shahar Isroil tomondan okkupatsiyada bo‘lgani sabab uning bu vasiyatini bajarishning iloji bo‘lmagan. Arofat Ramallohda dafn etilgan, uning o‘limi esa hali ham bahs-munozaralarga sabab bo‘lib keladi.

Arofat zaharlangani haqidagi axborotni tergov qilgan shveysariyalik mutaxassislar ekspertizadan keyin 83 foizlik ehtimol bilan Arofat haqiqatan ham zaharlangan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xulosaga kelishgan.

O‘tgan yili Falastinning amaldagi rahbari Mahmud Abbos Arofatning vafoti sabablari hali ham tergov qilinayotganini ma'lum qilgan. “Yaqin orada biz barcha qotillarning nomini oshkor qilamiz va barcha bundan karaxtga tushadi”, deb aytgan Abbos.

Arofat hayotining oxirgi kunlarigacha falastinliklarning kuchli rahbari bo‘lib qolgan. 

2016 yilda Ramallohda Arofatga bag‘ishlab muzey ochilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid