Jamiyat | 16:40 / 14.11.2017
37412
3 daqiqa o‘qiladi

Endi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma'lumotlar maxsus veb-saytda aniq yuritiladi

​O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida Mehnat organlariga bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risida va ishdan ozod etilishi mo‘ljallanayotgan xodimlar haqidagi ma'lumotlarni taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutgan hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Asosiy o‘zgartirishlardan biri bu mehnat organlariga bo‘sh ish o‘rinlari (vakant lavozimlar) mavjudligi to‘g‘risida va ishdan ozod etilishi mo‘ljallanayotgan xodimlar haqidagi ma'lumotlarni, mulkchilik shaklidan qat'iy nazar barcha ish beruvchi – yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilishini nazarda tutadi. Shu bilan birga, kichik tadbirkorlik sub'yektlari bu ma'lumotlarni ixtiyoriy tartibda taqdim etishlari mumkinligi belgilandi.

Shuningdek, mazkur ma'lumotlarni taqdim etish tartibi takomillashtirildi. Amaldagi tartibga ko‘ra bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar Bandlikka ko‘maklashish markazlariga faqat qog‘oz ko‘rinishida taqdim etilishi mumkin edi. Endilikda, bu ma'lumotlar ish beruvchi – yuridik shaxslar tomonidan ularning mansabdor shaxsining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan holda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining portaliga (veb-sayt – ish.mehnat.uz) har oyda joylashtirilib boriladi.

Ish beruvchining elektron raqamli imzosi yoki informatsion-kommunikatsion texnologiyalardan foydalanish imkoniyati bo‘lmaganda bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar qog‘oz shaklida avvalgi tartibga ko‘ra taqdim etiladi.

Shuningdek, hujjat bilan Bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlarining javobgarligi kuchaytirildi, xususan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining portaliga (veb-sayt – ish.mehnat.uz) haqqoniy bo‘lmagan ma'lumotlarni kiritilganligi uchun Bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlariga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid