Iqtisodiyot | 22:00 / 15.11.2017
27724
3 daqiqa o‘qiladi

Infografika. Erkin konvertatsiya davrida banklar qancha xorijiy valyuta sotdi va sotib oldi?

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Botir Zohidovning aytishicha, so‘m valyutasining ayirboshlash kursi valyuta birjasining kunlik banklararo savdolarida shakllanmoqda. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar beradi.

«Markaziy bank xorijiy valyuta oldi-sotdisi bo‘yicha amaliyotlarni faqat kursning kuchli ta'sirchanligi beqaror o‘zgarmasligi uchun amalga oshiryapti. Natijada valyuta birjasida bajarilgan amaliyotlarning o‘rtacha oylik hajmi sentabr-oktabr oylarida birinchi yarim yillikning tegishli ko‘rsatkichiga nisbatan 1,7 barobar oshdi», deydi u.

Rais birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetovga ko‘ra, soha vakillari oldida turgan eng katta masala - xufyona iqtisodiyotga chek qo‘yish bo‘ldi. Ya'ni, bankdan tashqari, soliqlarni to‘lamay faoliyat olib borayotgan sub'yektlarni rasmiy tartibda bozorga qaytarishdir.

«Buni amalga oshirishda bizga nima to‘sqinlik qilib turgandi? Bu xorijiy valyutani erkin sotib olish, shu bilan birga sotish amaliyotining amalda mavjud emasligida ko‘rinadi. Chunki, xorijiy valyutaning kursi rasmiy ko‘rsatkichda ma'muriy belgilangan, bozordagi haqiqiy narxidan keskin farq qilib keldi. Albatta, tadbirkor past narxda valyutani sotib olish istagini bildirmagan. Xorijiy valyutani xarid qilolmagan banklar esa importyorlarga pul yetkazib berolmagan. Shuning uchun, birinchi qadam - bozor iqtisodiyoti qonuni asosida narx-navoni belgilashga o‘tdik», deydi u.

Bundan tashqari, sentabr oyidan buyon banklar tomonidan aholidan 644 million AQSh dollari sotib olingani va bu valyuta birjasiga valyuta taklif etishning qo‘shimcha manbai bo‘lib xizmat qilganini ham alohida ta'kidlandi.

«Avval, jismoniy shaxslar bankka valyutasini sotmagan, deb hisoblasak ham bo‘ladi. Lekin bu jarayon endi o‘zgardi. Tadbirkorlar esa 915 million AQSh dollarini banklarga sotgan. Solishtirish uchun eslash kerak: valyuta liberallashuvidan oldin, joriy yilning birinchi yarmida tadbirkorlar o‘rtacha har oyda 172 million AQSh dollarini sotgan. Ta'kidlash lozimki, bu sotuv qonun bilan belgilangan majburiy sotuv edi. Bozor narxidan ancha farq qilgan, ular uchun qulay bo‘lmagan miqdorda valyutani sotish majburiy edi. Endilikda cheklov va majburiyatlarsiz eksportyorlar har oyi o‘rtacha 366 million AQSh dollari sotmoqda», deb raqamlarga murojaat qiladi Ishmetov.

Markaziy Bank vakili o‘tgan ikki oy ichida valyuta birjasida O‘zbekistondagi banklar jam 1,7 milliard AQSh dollarini sotuvga chiqarganini e'tirof etdi. Qolaversa, o‘tgan ikki oy mobaynida fuqarolarning milliy valyutadagi muddatli bank depozitlari qoldig‘i 9 foiz o‘sdi. Bu ham aholining olib borilayotgan pul-kredit siyosatiga nisbatan ishonchi oshib borayotganidan dalolat beradi.

Mavzuga oid